Shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionlari – Islombek va Javohir Sindorovlarga Prezident sovg‘asi topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Poytaxtdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Islombek va Javohir Sindorovlar Prezident Islom Karimov tomonidan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuterlar bilan taqdirlandi. Ularning ota-onasiga zamonaviy LCD televizori berildi. Prezident sovg‘alarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov topshirdi.
– Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Rustam Qosimjonovga havas qilamiz, – deydi Javohir Sindorov. – Prezidentimizning sovg‘asi bizni yanada yuksak marralar sari ruhlantiradi, katta kuch bag‘ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida yosh shaxmatchilar Islombek va Javohir Sindorovlar ikkitadan oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot o‘rnida: Javohir to‘rt yarim yoshidan shaxmat bilan muntazam shug‘ullanadi. U shaxmatchi sifatida xalqaro maydondagi dastlabki g‘alabasiga 2012-yili Hindistonning Dehli shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida erishdi. 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida blits turnirda oltin, klassik shaxmat bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘ldi. 2013-yili Eronda shaxmat bo‘yicha 18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Uning ukasi Islombek esa bolaligidan o‘zining alohida salohiyatini ko‘rsata oldi. U 2012-yili Hindistonda bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligida 5 yoshgacha shaxmatchilar o‘rtasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Islombekning hujumkor o‘yin taktikasi 2012-yili Erondagi Osiyo chempionatida biryo‘la uchta oltin medalni qo‘lga kiritishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Izoh (0)