DVD va CD formatdagi lazer disklar savdosini yo‘lga qo‘ygan “Samarqand Humo Qushi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Suhrob Yahyoyev Samarqand shahrining Abdurahmon Jomiy va Ali Qushchi ko‘chalarida savdo shoxobchalari ochib, ularda noqonuniy disklar sotuvini amalga oshirgani aniqlandi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.
Do‘konlarga Firdavs va Ilhom ismli yigitlarni sotuvchi etib ishga olgan Suhrob Firdavs bilan kelishgan holda Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi savdo shoxobchasiga kirim hujjatlari va sifat sertifikatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 26,5 million so‘mlik 75oo dan ortiq lazer diskni sotuvga qo‘ygan. Aslida bu faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun maxsus ruxsatnoma olish kerak edi. Shuningdek, do‘kon rastasidan vahshiylik, zo‘ravonlik va behayolikni targ‘ib etuvchi 301 ta kinofilm o‘rin oldi.
Direktor Samarqand shahridagi Ali Qushchi ko‘chasida joylashgan savdo do‘konida ham bir talay noqonuniy ishlarga qo‘l urgan. Do‘kon sotuvchisi Ilhom bilan o‘zaro til biriktirgan holda savdodan tushgan 7,4 million so‘m pulni nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazmasdan, bankka topshirib yurgan. Bundan tashqari, ikkinchi do‘koniga ham tovarlarning sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 85,4 million so‘mlik 24 mingdan ortiq yozuvli va 1800 ga yaqin bo‘sh lazer disklarni sotuvga qo‘ygan. Bu disklarning qariyb 900 tasi vahshiylik, qonxo‘rlik, behayolik va urushni targ‘ib etuvchi kinofilmlar bo‘lgan.
SVOJJDLQK departamentining Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Islom Sherovning qayd etishicha, tekshiruv paytida disk savdosini yo‘lga qo‘ygan Suhrob Yahyoyev do‘konida yuqoridagi kamchiliklar topilib, noqonuniy holatlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Yahyoyev sud hukmi bilan bir yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilinib, unga uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Do‘kon sotuvchilari Firdavs Jo‘rayev va Ilhom Fiyosovlar ham tegishli jazolarini oldi. Shuningdek, do‘konlardan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan DVD va CD disklar tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Izoh (0)