Davralar oralig‘idagi tanaffus vaqtida Toshkentning “Lokomotiv” klubi Avstriya mamlakatida yig‘in o‘tkazishni rejalashtirgan. Undan imkon qadar maksimal foydalanishni niyat qilgan klub yig‘in davomida Yevropaning bir necha taniqli klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish borasida kelishgan. Bu haqda Lokomotiv.uz xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, “Lokomotiv” “Borussiya” klubi bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishi haqida ma’lumot berilgan edi.
14—29-iyul kunlari davomida Avstriyada bo‘ladigan “Lokomotiv” klubi u yerda to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Xususan, 17-iyul kuni Chexiyaning “Bryun” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Oradan ikki kun o‘tib, 19-iyul kuni esa ushbu yig‘indagi eng muhim o‘rtoqlik uchrashuvlaridan biri tashkil etiladi. Unda Vadim Abramov boshchiligidagi “temiryo‘lchilar” Bundesliga vakili, Yevropa Chempionlar Ligasi 2012—2013-yilgi mavsum finalchisi va bugungi kunga kelib Yevropaning grand klublari qatoriga kirib ulgurgan — Dortmundning “Borussiya” klubiga qarshi maydonga tushadi. Jamoalar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har ikki jamoa tarkibida o‘sha vaqtda maydonga tushishga tayyor bo‘lgan eng yaxshi futbolchilar maydonga tushirilishi ta’kidlanib o‘tilgan.
Shundan so‘ng “Lokomotiv” 22-iyul sanasida Moskvaning “Torpedo”siga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. So‘nggi nazorat o‘yini esa 25-iyul sanasiga rejalashtirilgan bo‘lib, unda Abramov shogirdlari Germaniyaning boshqa bir klubi — “Frayburg”ga qarshi harakat qiladi.
Izoh (0)