2014-yilning 19—20-iyun kunlari Toshkent Islom institutining majlislar zalida “Umra — 2014” Ramazon mavsumini namunali tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va guruh rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy sayti.
Yig‘ilishda umra ziyoratchilariga har tomonlama shart-sharoitlar yaratish maqsadida kerakli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, guruh rahbarlari umra ziyoratchilari uchun tayyorlangan arab tili bo‘yicha qo‘llanma hamda Saudiya Arabistoni Podshohligidagi tartib-qoidalar bilan tanishtirildilar.
2014-yilning Bahor va Ramazon mavsumlarida 6400 nafar fuqaro umra safariga yuborilishi mo‘ljallangan edi. Shulardan 5730 nafari bahor qolgan 670 nafari (kunning juda isib ketishini hisobga olib) Ramazon mavsumida yuborilishi belgilandi. Hozirgi kunda 670 nafar ziyoratchilar hujjatlari Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasiga rasmiylashtirish uchun kiritilmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy” bilan yonma-yon joylashgan “Nur Mavadda”, Makka shahrida esa Haramdan 1500—2000 metr uzoqlikdagi “Nama Mavadda” mehmonxonalari ijaraga olingan.
Mehmonxonalarda hojilar uchun 24 soat davomida issiq choy, har bir qavatda zam-zam suvlari hamda ho‘l mevalar burchagi tashkil etiladi.
Fuqarolar sog‘liklarini doimiy nazorat qilib turish maqsadida mehmonxonalarda minishifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ziyoratchilar doimiy ravishda kunduzgi va tungi ko‘riklardan o‘tkazib turiladi.
Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyesi dasturlarini tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.
Hojilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etilishi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish so‘ngida guruh rahbarlari tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan javoblar qaytarildi. O‘quv seminari yakunida guruh rahbarlari test sinovlaridan o‘tkazildi.
Izoh (0)