Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi hujumchisi Aleksandr Shadrin 26 yoshida vafot etdi, deb yozadi “Kun” Uff.uz ma’lumotiga asoslanib.
Xabar berishlaricha, futbolchi oshqozoni bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etgan. Futbolchi aynan qanday kasallikdan aziyat chekkaniga aniqlik kiritilmagan.
Aleksandr Shadrin 1988-yili Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. Futbol bilan yetti yoshidan shug‘ullanishni boshlagan. Bo‘kadagi BO‘SM va “Chig‘atoy” futbol maktabini tamomlagan.
2004—2005-yillarda “Paxtakor—2” (Toshkent), 2006—2010-yillarda “Mash’al” (Muborak), 2011-yilda “Navbahor” (Namangan) jamoalarida to‘p surgan. 2012-yildan faoliyatini “Lokomotiv” (Toshkent)da davom ettirayotgan edi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Vadim Abramov murabbiylik qilgan vaqtda Shadrin to‘rt bor terma jamoaga jalb etilgan. Xususan, JCh—2014 saralashi doirasida Nagoyada bo‘lib o‘tgan Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘yinda yagona golga mualliflik qilgan edi.
E’tiborli tomoni, bungacha O‘zbekiston milliy terma jamoasi hech qachon Yaponiyani nafaqat mehmonda, Toshkentda va betaraf maydonlarda ham mag‘lub eta olmagan edi.
Aleksandr Shadrin ortidan turmush o‘rtog‘i va o‘g‘il farzandi qoldi.
Izoh (0)