Toshkentda shaxmat bo‘yicha 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Nufuzli musobaqa Osiyo shaxmat federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan tashkil etildi.
– O‘zbekistonda shaxmat bo‘yicha yirik sport anjumanlarini yuqori saviyada tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan, – deydi livanlik hakam Ilyos Xayrullo. – O‘zbek shaxmatchilarining xalqaro maydonlardagi g‘alabalari yosh avlodning jismoniy va ma’naviy barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir.
Poytaxtda boshlangan Osiyo chempionatida 200 nafarga yaqin shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surmoqda. 28-iyunga qadar davom etadigan musobaqada Islombek va Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Lobar Rahmatjonova va Dilbar Hamroyeva singari iste’dodli yosh shaxmatchilar O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.
Izoh (0)