O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 2014/2015 o‘quv yili uchun qabul jarayoni boshlandi, deb xabar beradi O‘zA.
Mamlakatdagi nufuzli o‘quv yurtlaridan bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qabulning birinchi kunidanoq o‘z bilimiga ishonchi mustahkam yoshlar, ularni ruhan va ma’nan qo‘llab-quvvvatlab turgan ota-onalar bilan har yilgidan-da gavjum.
Shu yerning o‘zida abituriyentlarga hujjat topshirish jarayonida zarur bo‘ladigan o‘quv qurollari savdosi, suratga olish, ovqatlanish, kutuvchilarning dam olishi uchun maxsus joylarning tashkil qilindi.
– Qabul jarayoni Prezident Islom Karimovning 2014-yil 30-apreldagi Respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori asosida amalga oshirilmoqda, – deydi universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi Ikrom Tursunov. – Ta’lim muassasamizda qabul komissiyasi faoliyati, abituriyentlardan qabul qilingan hujjatlar hamda boshqa zarur ma’lumotni joylashtirish uchun maxsus e’lon taxtalari tashkil etilgan va ular har kuni yangilab boriladi. Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularga tezkor javob berish maqsadida “ishonch telefonlari” ishlab turibdi.
Toshkent arxitektura-qurilish institutida ham abituriyentlar hujjatlarini qabul qilish jarayoni namunali tashkil etilgan. Ota-onalar uchun landshaft dizayni asosida barpo etilgan kichik maydoncha ta’lim dargohi va bu yerdagi ilmiy-ijodiy muhit haqida dastlabki tasavvurni beradi.
– Nabiram Dilnoza binolar dizaynini chizishga, maketlar yasashga qiziqadi, – deydi o‘zini Zulfiya Farmonova deya tanishtirgan onaxon. – Kollejni tamomlagach, shu ta’lim muassasasiga hujjat topshirishga qaror qildi. Ba’zi tanish-bilishlar ichida «Qiz bolaga arxitektor bo‘lishni kim qo‘yibdi?» deganlar ham bo‘ldi. Biroq biz uning o‘z qiziqishidan kelib chiqib tanlagan bu qarorini qo‘llab-quvvatladik. Negaki, o‘zi tanlagan kasbga mehri yuksak bo‘lgan talabadan kelajakda malakali va yetuk mutaxassis yetishib chiqadi.
Ta’kidlash joiz, 2012-yilda barcha oliy ta’lim muassasalariga 432 ming abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, 2013-yilda 480 mingdan ziyod yigit-qiz universitet yoki institutda o‘qish ishtiyoqini bildirgan.
Izoh (0)