Qo‘qonning eski shahar qismida kanalizatsiya quvurlarini yangilash vaqtida quruvchilar og‘irligi 13,3 kilogrammga teng oltin quymasini topib oldi. Bu haqda qo‘qonlik internet foydalanuvchilari ma’lum qildi, deb yozadi “Kun”.
Quyma kecha, 7-iyun kuni soat 20:15 atrofida Qo‘qon shahar “Suvoqova” korxonasining besh nafar ishchisi tomonidan Hamza Umarov nomidagi shahar drama teatri orqasidagi kanalizatsiya tarmoqlarini ta’mirlash vaqtida topilgan.
Quyma to‘rtburchak g‘isht ko‘rinishida bo‘lib, ustiga Rossiya imperiyasi gerbi va 1917-yil yozuvi tushirilgan. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu quymaning bozordagi narxi 500 ming dollarni tashkil etishi mumkin, deb yozadi UzbekNY.tv.
Oltin quymasini topib olgan besh nafar ishchi ushbu topilmani ichki ishlar organiga topshirgan. Buning evaziga ular qandaydir rag‘batlantirilganmi-yo‘qmi, noma’lum.
Huquqshunos Xushnud Xudayberdiyevning yozishicha, davlatga topshirilganda xazina (ushbu holatda – Qo‘qonda topilgan oltin quymasi) topilgan joy yer egasi va xazinani topgan shaxs birgalikda xazina qiymatining 50 foizi miqdorida mukofot olish huquqiga ega.
“Agar o‘sha topilgan oltin 1 million dollarga baholangan bo‘lsa, unda topganlar 500 ming dollar oladi”, – deb yozadi huquqshunos.
Izoh (0)