Buyuk Britaniyaning The Independent nashri o‘zining onlayn ko‘rinishida futbol JCh—2014 doirasidagi Shveysariya—Ekvador o‘yini sharhida Ravshan Ermatovni ozarbayjonlik deb yozgan edi. Bu haqda “Kun” xabar qilmoqda.
Ushbu holat nafaqat o‘zbekistonlik, balki Ravshan Ermatovga befarq bo‘lmagan xorijlik futbol muxlislarining ham noroziligiga sabab bo‘lib, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali nashrga o‘z e’tirozlarini bildirgan.
Championat.asia internet-nashrining xabar berishicha, ushbu hodisadan so‘ng The Independent’ning o‘zbekistonlik o‘quvchilaridan biri ushbu xatolik bo‘yicha nashrga murojaat qilgan.
“Xatolik uchun uzr so‘raymiz. Siz aytgan ma’lumot to‘g‘rilandi. Umid qilamizki, mazkur anglashilmovchilikka qaramasdan, nashrimizni kuzatib borishda davom etasiz”, – deyiladi The Independent’ning javob maktubida.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik FIFA referisi boshchiligidagi hakamlar brigadasi Braziliyada davom etayotgan JCh—2014da hozircha faqat bitta o‘yinni boshqardi. Ermatovning harakatlari guruh bosqichi 1-tur uchrashuvlari orasida Worldreferee.com sayti e’tirofi bo‘yicha, eng yaxshisi deb topildi.
Izoh (0)