Yaponiya politsiyasi 80 yoshli ayolni tinmay ta’qib qilgani uchun 85 yoshli erkakni hibsga oldi. Bu haqda Agence France-Presse axborot agentligiga asoslanib “Kun” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, ular erkakning marhum ayoli yotgan shifoxona palatasida tanishib qolishgan – “jabrlanuvchi” ham o‘sha yerda davolanayotgan bo‘lgan.
Takeo Nitta e’tiboriga tushib qolgan ayolning telefonida 2013-yil noyabrda bir necha xabar qoldirgan bo‘lib, bu xabarlarda erkak ayolni birga sayr qilishga taklif qilgan.
Nitta 10-iyun kuni shilqimlikda ayblanib, hibsga olingan – bunga 2-may kuni 80 yoshli ayolning uyiga bostirib kirgani sabab bo‘lgan. Bu voqeagacha esa ayol bir necha bor politsiyaga chol ustidan uning qo‘yarda-qo‘ymay mulozamat qilayotganidan shikoyat qilgan edi.
So‘nggi vaqtlarda Yaponiyada umumiy aholi sonida qarilar ulushining oshib borayotgani munosabati bilan qariyalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni ko‘payib bormoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 60 va undan yuqori yoshdagi odamlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni so‘nggi 20 yilda olti foizga ko‘paygan.
Aksariyat hollarda qariya jinoyatchilar o‘g‘rilikni ma’qul ko‘radi, biroq nafaqaxo‘rlar tomonidan zo‘ravonlik ishlatilishi holatlari ham qayd etilib turibdi.
Izoh (0)