Bugun, 5-iyun kuni FIFA milliy terma jamoalar uchun yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi oltita o‘ringa pastlagan, deb yozadi Uff.uz.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi may oyida Ummonga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida mag‘lubiyatga uchradi va bu holat terma jamoaning FIFA reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayni vaqtda terma jamoa 539 ball bilan 59-o‘rinni egallab turibdi.
Bu holat O‘zbekiston milliy terma jamoasining qit’adagi o‘rniga ham ta’sir o‘tkazgan. O‘tgan oy terma jamoa Osiyoda uchinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, may oyi yakunlariga ko‘ra, Janubiy Koreyadan keyin to‘rtinchi o‘ringa tushib qolgan.
Osiyoda eng yaxshi natija hamon Eron milliy terma jamoasiga tegishli bo‘lib turibdi. Eronliklar ham garchi olti o‘rin pastlab, 641 ochko bilan 43-o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa-da, 626 ochkoga ega bo‘lgan Yaponiyadan oldinda turibdi. Yaponiya terma jamoasi esa aksincha, bir o‘ringa yuqorilagan va 46-o‘ringa ko‘tarilib olgan.
Osiyoda O‘zbekistondan so‘ng beshinchi o‘rinda Avstraliya, oltinchi o‘rinda esa Iordaniya bormoqda. Yettinchi o‘rin BAAga tegishli bo‘lib turibdi.
Reytingning to‘liq ko‘rinishi bilan FIFA rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)