Hindistonda mamlakatning 29-shtatini tashkil etish jarayoni rasman 2-iyun dushanba kuni, shtat bosh vaziri Kalvakunta Chandrashekara Raoning qasamyod qilish marosimi bilan yakuniga yetdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.
“Telangana taraqqiyot yo‘limizda bizning kuchimizga kuch qo‘shadi”, – deya Hindiston bosh vaziri Narendra Modining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Agence France-Presse. Hindiston rahbari shtat yetakchisini ushbu tayinlanuv bilan birinchilardan bo‘lib tabriklagan.
Yangi shtatni tashkil qilish haqidagi prinsipial qaror 2013-yil iyulda qabul qilingan, 2014-yilning fevralida esa Hindiston parlamentining yuqori palatasi janubdagi Andxra-Pradesh shtatining Telangana hududini alohida 29-shtatga aylantirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilgan edi.
“Kun”ning yozishicha, Telangana Andxra-Pradesh byudjetiga tushadigan daromadlarning 60 foizini keltiradi, bu yerda shtatning 40 foiz aholisi istiqomat qiladi. Hududning shtat tarkibidan ajralib chiqishga bo‘lgan intilishi hudud aholisi Andxra-Pradesh shtati rahbariyati viloyatni rivojlantirish uchun yetarlicha e’tibor qaratmayapti, degan xulosaga kelganidan so‘ng boshlangan edi.
Telangananing Andxra-Pradeshdan ajralib chiqishiga esa qirg‘oqbo‘yidagi Simandxra hududi aholisi qarshi chiqqan – ularning fikricha, agar Telangana shtat tarkibidan ajralib chiqadigan bo‘lsa, u holda qirg‘oqbo‘yidagi aholi kamroq elektr quvvati, ichimlik suvi, moliyaviy daromadlar oladi.
Yangi shtat tashkil etilishiga bag‘ishlangan bayram tantanalari keyingi o‘n yil davomida ham Andxra-Pradesh, ham Telangana uchun poytaxt vazifasini bajaradigan Haydarobodda mushakbozlik bilan boshlandi. 10 yildan so‘ng Telangana shahri yangi hududiy birlikning poytaxtiga aylanadi.
Izoh (0)