Namangan shahrida “Barkamol avlod—2014” sport o‘yinlarining final bosqichi yakunlandi, deb xabar bermoqda O‘zA.
“Navbahor” stadioni uzra 29—31-may kunlari akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining “Barkamol avlod—2014” sport musobaqalari mash’alasi porlab turdi.
Yosh sportchi va san’atkorlar ijrosidagi mazkur sport forumiga bag‘ishlangan vokal-xoreografik kompozitsiya bilan “Barkamol avlod—2014” sport musobaqalarining tantanali yopilish marosimi boshlandi. Yigirma mingdan ziyod tomoshabin olqishlari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari kirib keldi.
Bir necha kun mobaynida qizg‘in davom etgan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi.
Musobaqada eng ko‘p medal jamg‘arib, birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi yuksak mukofot – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Barkamol avlod—2014” sport o‘yinlari qatnashchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg‘asi – Damas avtomobili bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan Namangan va uchinchi pog‘onadan joy olgan Samarqand viloyatlari jamoalariga Prezident sovg‘asi – Damas avtomobillari topshirildi.
– Sport va do‘stlik bayrami – “Barkamol avlod—2014” bellashuvlari rekordlar va unutilmas voqealarga boy bo‘ldi, – deydi Qashqadaryo viloyati terma jamoasi a’zosi, 400 va 800 metrga yugurish bo‘yicha ikkita oltin medal sohibi Azizbek Samadov. – Ushbu musobaqalar mamlakatimizning barcha hududlarida sport izchil rivojlanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Sportning 16 turi – basketbol, voleybol, futbol, gandbol, shaxmat, og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo WTF, erkin va yunon-rum kurashi, suzish, yengil atletika, tennis, stol tennisi, badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlarda 996 nafar litsey va kollej o‘quvchisi ishtirok etdi. Sportchilar 652 oltin, kumush va bronza medal uchun bahs olib bordi.
Musobaqalarning yopilish marosimida “Barkamol avlod—2014” sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni namanganlik yosh sportchilar akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining navbatdagi final musobaqasiga mezbonlik qiladigan Jizzax viloyati vakillariga topshirdi.
– Navbatdagi “Barkamol avlod” musobaqasining final bosqichi Jizzax viloyatida o‘tkazilishi biz uchun yuksak sharafdir, – deydi Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji suzish bo‘yicha murabbiysi G‘ayrat Usmonov. – Uch bosqichli uzluksiz sport tizimining o‘rta bo‘g‘ini musobaqalari bizning viloyatimizda ham yuksak saviyada o‘tishiga ishonamiz.
“Barkamol avlod—2014” o‘yinlarining yopilish marosimi sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning katta konserti bilan yakunlandi.
Izoh (0)