Xalqaro birlashgan sport kurashlari federatsiyasi (FILA) tomonidan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Mirabror Usmanov nomiga kelgan maktubda, 2014-yilning 8—11-may kunlari Bangkok shahri (Tailand)da o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ayollar kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shahodat Jo‘lliboyeva (-52 kg) shu yilning 16—28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkaziladigan II o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olganligi ma’lum qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qit’a chempionatida ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada bir yo‘la to‘rt nafar o‘zbekistonlik Shahodat Jo‘lliboyeva (-52 kg), Nabira Yesenboyeva (-60 kg), Lolaxon O‘rinboyeva (-65 kg) va Baxtigul Boltaniyozova (-70 kg) shohsupaning uchinchi pog‘onasidan o‘rin egallagan.
Shuningdek, ushbu Osiyo chempionatida Ilxom Bahromov (-50 kg) va Abubakr Alimov (-69 kg) yunon-rum kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada mos ravishda oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lib, “Nankin—2014” o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari litsenziyalarini qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)