Yoshlar ijod saroyida “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostida yoshlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yaratilgan innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Tadbir Toshkent shahar hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati shahar kengashi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabasi Sevara Xudoyberganovaning oilaviy tadbirkorlik asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi 2012-yili “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovida g‘olib deb topilgan edi. Natijada yosh tadbirkorning biznes-rejasi uchun “Ipoteka” bankdan 19 million so‘m kredit ajratildi. Bugungi kunda oilaviy korxonada oyiga 10 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, iste’molchilarga yetkazilmoqda. 20 nafar yosh ishga jalb etilgan.
– Kelgusida korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirib, mahsulotlarimiz turini oshirishni rejalashtirganmiz, – deydi S. Xudoyberganova. – Biz, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish farzandlik burchimizdir.
Ko‘rgazmada 120 nafardan ziyod yosh tadbirkor ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari va xizmat ko‘rsatish turlari namoyish etildi. Shu bilan birga, mazkur ko‘rgazmada poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar va yaratilayotgan innovatsion ishlanmalarga ham keng o‘rin berildi.
Tadbirda bank, soliq, bojxona sohasi mutaxassislari yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash, kredit olish imkoniyatlari, soliq imtiyozlari, ulardan foydalanish qoidalari, bojxona xizmatlari, tadbirkorlik subyektlariga bu borada berilgan imtiyozlar xususida ma’lumot berdi. Yoshlar poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniga ham ega bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida yosh dizaynerlarning ijodiy ishlari namoyishi va san’atkorlarning chiqishlari tashkil etildi.