Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Qozoq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ahmad Qurbonov tomorqasidagi 10 sotixli havzada baliq yetishtirmoqda, deb xabar beradi “Qashqadaryo” gazetasi.
Ahmad Qurbonov tomorqasidagi havzani o‘tgan yili barpo qilgan. Suv yerga singib ketmasligi uchun ostiga polietilen plyonka to‘shagan, plyonka ustini tuproq bilan berkitgan va havzani suv bilan to‘ldirgan. Oq amur va zog‘ora baliq boqishni boshlagan.
Hozir havzada 2—2,5 kilogrammli baliqlar mavjud. Dastlabki yili 200 kilogrammdan ziyod baliq yetishtirilgan.
— Qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla ahli bu yangilikni ko‘rib havas qildi, — deydi Ahmad aka. — Hatto Kitob tumanidan tomorqachilar kelib, ko‘rib ketdi. Ularga tajribalarim haqida so‘zlab berdim. Yon qo‘shnim Nurali Xudoyqulov ham hovlisida baliq boqyapti. U ham bu yil 6 sotix yerdagi havzasida 2—2,5 tonna baliq yetishtirmoqchi. Mendan maslahat so‘rab turadi. O‘zim ham bu yil 2,5—3 tonnadan ziyod baliq yetishtirishni rejalashtirganman.
Izoh (0)