Uzoq vaqtlardan beri Avstriya hukumati tomonidan qidirilayotgan 59 yoshli nemis millatiga mansub shaxs 18-aprel kuni Zalsburg shahrining politsiya mahkamasiga kirib kelgan. U o‘zining politsiya tomonidan qidirilayotgan yoki qidirilmayotganini surishtirish maqsadida kelganini aytgan. Huffington Post nashri tarqatgan xabarlarga ko‘ra, politsiyachilar ma’lumotlar bazasidan ushbu shaxsni qamoqqa olish to‘g‘risidagi orderni topgan va qiziquvchan jinoyatchini Zalsburg qamoqxonasiga eltib qo‘ygan.
Zalsburg politsiyasi vakili Anton Shens Austria Press Agency yangiliklar milliy agentligi jurnalistlariga bergan intervyusida ushbu jinoyatchining o‘z taqdirini surishtirib ixtiyoriy ravishda politsiya mahkamasiga kelgani va ma’lumotlar bazasidan Vena shahar sudining uni qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorini topishganini tasdiqlagan.
Germaniya fuqarosi mablag‘larni o‘z ixtiyoricha sarf qilib yuborish va tovlamachilikda gumon qilingan bo‘lib, unga qo‘yilgan ayblov 4 qismdan iborat. Uning qancha vaqtdan buyon qidiruvda ekanligi va shaxsi sir tutilmoqda.