Italiya hukumati sudga mamlakatning sobiq bosh vaziri Silvio Berluskonini jazo muddatini o‘tash uchun qariyalar uyiga yuborishni taklif etdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Berluskoni qariyalar uyida haftada bir kun ishlaydi. Qolgan kunlari uy qamog‘ida bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, sobiq bosh vazir o‘zini namunali tutgan taqdirda jazo muddati 9 oyga kamaytirilishi mumkin.
Avvalroq Berluskoni Mediaset soliq ishlaridagi firibgarliklari uchun 4 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan edi. 2013-yil avgust oyida mamlakat Kassatsiya sudi mazkur hukmni tasdiqladi. Ammo ushbu ayblov haligacha qonuniy kuchga kirmadi.
Biroq Berluskoniga uzoq muddatli qamoq jazosi xavf solmayapti. Sobiq bosh vazirning jazo muddati amnistiya bilan 1 yillik qamoq jazosigacha yengillatilishi mumkin. Shuningdek, Berluskonining yoshini hisobga olgan holda qamoq jazosi jamoat ishlariga jalb etish bilan o‘zgartirilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2013-yilda sobiq bosh vazir 77 yoshni qarshi oldi.
10-aprel, payshanba kuni sud jazo turi borasidagi o‘zining so‘nggi qarorini e‘lon qilishi belgilangan.