O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” Oliy Majlis qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi, Savdo-sanoat palatasi va qator yetakchi tijorat banklari bilan hamkorlikda “Oilaviy tadbirkorlikdan — mustahkam oilaga”, “Tadbirkorlik tamoyillari va ishbilarmonilik imkoniyatlari”, “Sog‘lom oila — mustahkam oila” partiyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
— 2014-yilda O‘zLiDeP va Fermerlar Kengashi o‘rtasida tuzilgan Bosh bitim doirasida “Fermerlik harakati — hal qiluvchi ijtimoiy-siyosiy kuch” yangi loyihasini amalga oshirishni rejalashtirganmiz, — deydi partiya Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi mudiri Sevara Muslimova. — Ushbu loyihada fermer xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish nazarda tutilgan. Umuman olganda loyihalarimizning amaliy natijasida ishbilarmon opa-singillarimiz safi kengayib boryapti.
2011-yildan boshlab amalga oshirib kelinayotgan “Oilaviy tadbirkorlikdan — mustahkam oilaga” loyihasi asosida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarda 30 ming nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi. Tijorat banklari tomonidan 800 nafar xotin qizlarga 6 milliard so‘mga yaqin kreditlar ajratilib, joylarda 1200 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
— Respublikamizning eng chekka joylarida ham oilaviy tadbirkorlikni targ‘ib etish va rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratyapmiz, — deydi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Muxlisa Akramova. — Jumladan, opa-singillarimiz o‘z huquqlarini tushungan holda tadbikorlik faoliyatini yuritishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati keng targ‘ib qilinmoqda.
E’tiborga molik loyihalardan yana biri “Sog‘lom oila — mustahkam oila” bo‘lib, 2011—2013-yillar davomida hududlarda 650 ta tadbirlar amalga oshirildi. Ularda 27 ming nafarga yaqin xotin-qizlar qatnashdi va 1500 nafar xotin-qizlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tashkil etilgan davra suhbatlarida ayollar salomatligi, oilalar mustahkamligi, qizlarni erta turmushga uzatish, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari to‘g‘risida atroflicha fikr-mulohazalar yuritilib, tegishli tavsiyalar berildi.
— Oilaviy biznes va tadbirkorlikning huquqiy asoslarini o‘qitishga qaratilgan “Tadbirkorlik tamoyillari va ishbilarmonlik imkoniyatlari” loyiha doirasida so‘nggi uch yilda 1000 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilib, ularda 25 ming nafarga yaqin xotin-qizlar qatnashdi. Joriy yilda ham mazkur loyihalar ko‘lamini kengaytirib, ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishni rejalashtirganmiz, — deydi M. Akromova.
Farg‘onadagi “Dil Feruz” xususiy korxonasi rahbari Dilafruz Umrzoqova bundan ikki yil avval tikuvchilik sexi ochib, bolalar kiyimi va ko‘rpa-to‘shak jildlari ishlab chiharishni yo‘lga qo‘ygan edi. O‘tgan muddat ichida tadbirkor 4 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Mahalladagi 2 nafar ayolni kasanachilikka jalb etdi. Dilafruz o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida mazkur loyihada ishtirok etib, qandolatchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
— Partiya loyihalari doirasida tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda doimiy ishtirok etganimdan keyin menda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish ishtiyoqi paydo bo‘ldi, — deydi Guliston shahridagi “Razoq hamkor Nursulton” oilaviy korxonasi rahbari Gulnora O‘lmasova. — Moliya muassasalari bilan yosh tadbirkorlar orasida mustahkam va ishonchli “ko‘prik” vazifasini o‘tayotgan bu kabi o‘quv-seminarlar, moliyaviy tomonidan cho‘chib, tadbirkorlikni boshlashga ikkilanib turgan xotin-qizlarimizga katta yordam beryapti.
O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” 2014 — “Sog‘lom bola yili”da ham tadbirkorligini boshlamoqchi yoki kengaytirmoqchi bo‘lgan barcha xotin-qizlarni loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirib qoladi.