O‘zbekiston poytaxti hududidan oqib o‘tuvchi, xalq tilida “Anhor” deb yuritiluvchi Bo‘zsuv kanali yoqasida hozirda katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Avvalroq bu yerda Toshkentdagi ilk veloyo‘lak barpo etilishi rejalashtirilganligi hamda qurilish ishlari boshlanganligi xususida xabar bergan edik. Anhor.uz sayti ma’muriyati Toshkent shahri hokimiyati bilan bog‘lanib, mazkur qurilishlar borasidagi batafsil ma’lumotlarni e’lon qildi.

Foto: anhor.uz

Foto: anhor.uz

Hokimiyatdan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 25-fevralda qabul qilingan 102-F sonli farmoyishga asosan, kanal atrofi hududlarining sanitar-epidemiologik holatini yaxshilash, poytaxt aholisi va mehmonlari uchun yaxshi hordiq chiqarish maskanlarini barpo etish maqsadida ish boshlangan.

Loyiha doirasida Bo‘zsuv kanalining Alisher Navoiy ko‘chasi (O‘rda)dagi ko‘prikdan to Amir Temur ko‘chasi (Teleminora)dagi ko‘prikka qadar bo‘lgan qismida qirg‘oqlar rekonstruksiya qilinadi. Kanal yoqalab keng piyodalar yo‘lagi, shuningdek, avtomobillar yo‘li hamda mamlakatdagi ilk to‘laqonli veloyo‘lak ham bunyod etiladi. Shu munosabat bilan hududda tozalash ishlari olib borilmoqda.

Anhor kanali Toshkent xaritasida. Skrinshot: “Daryo”

Anhor kanali Toshkent xaritasida. Skrinshot: “Daryo”

Kanal yoqasida quyidagi yangi obyektlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan: kanalning o‘ng yoqasida, Seysmologiya instituti yonida katta xiyobon yaratiladi. Chap yoqasi – Germaniya elchixonasi yonida yil davomida faoliyat ko‘rsatuvchi yopiq turdagi akvapark bunyod etiladi; mazkur dam olish hududi Sharof Rashidov ko‘chasiga tutashadi. “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar markazi hududining Anhorga tutashgan qismi rekonstruksiya qilinib, kichikroq prichal barpo etiladi; bu yerda qayiq va katerlarda kanal bo‘ylab pulli sayrlar uyushtiriladi. Teleminora ro‘parasidagi orolchada dam olish hududi va kafe barpo etiladi. Hozirgi Akvapark yonidagi katta hududda turli sport inshootlari va maydonlari yaratiladi. Xurshid ko‘chasidagi ko‘prik yaqinida, kanalning o‘ng qirg‘og‘ida O‘zbekiston Respublikasi eshkak eshish sporti federatsiyasi joylashadi. U yerda yana O‘zbek Davlat jismoniy madaniyat instituti uchun yangi binolar ham barpo etiladi. Shuningdek, Olmazor tumanidagi 19-sonli hamda Yunusobod tumanidagi 39-sonli bolalar va o‘smirlar ixtisoslashgan eshkak eshish respublika sport maktablari ham quriladi.

Yuqoridagilarning barchasi katta mehnat va vaqt talab etishi tabiiy, biroq natijada poytaxt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shiladi.