18-mart kuni Rossiya Davlat Dumasida bir ovozdan “AQSh va Yevroittifoq sanksiyalari to‘g‘risida” bayonot qabul qilindi. Unda 17-mart kuni AQSh tomonidan e’lon qilingan sanksiyaga tushuvchilar ro‘yxatiga Dumaning barcha deputatlarini kiritish talab etiladi. Bu haqda Vedomosti.ru xabar bermoqda.

Foto: vedomosti.ru

Foto: vedomosti.ru

Bayonot muallifi – “Yagona Rossiya” partiyasi vakilasi Olga Batalina uning loyihasini taqdim etar ekan, “Bu bizning Amerika sanksiyalariga yagona javobimizdir!” – dedi. Uni 353 nafar deputatning barchasi yoqladi, hech kim qarshi yoki betaraf bo‘lib ovoz bermadi. Hujjatga parlament barcha fraksiyalarining vakillari imzo chekdi.

Mazkur hujjat AQSh prezidenti Barak Obamani hamda Yevropalik amaldorlarni “Qrim xalqining xohish-irodasini tan olmaslik”da ayblash bilan boshlangan. Keyin esa ularga nisbatan boshqa ayblovlar ham e’lon qilingan va “Qrim mavzusi”da Rossiya deputatlarining fikri bir joydan chiqqanligi ta’kidlanib, shu bois sanksiyaga tushganlar ro‘yxatiga barcha deputatlarni kiritib qo‘yish so‘ralgan. Bayonot quyidagi so‘zlar bilan yakunlanadi: “Biz o‘z nuqtai nazarimizni sotmaymiz va hech qanday sanksiyadan qo‘rqmaymiz”.