Malayziya mudofaa vaziri va transport vaziri vazifasini bajaruvchi Hishomuddin Husayn xabar berishicha, layner havoga ko‘tarilganidan 40 daqiqa o‘tib, undagi ACARS (Aircraft and Communications Addressing and Reporting System – Aviatsiya aloqasi manzil-hisobot tizimi) samolyot bortidagi kishi tomonidan o‘chirilgan. Oradan 14 daqiqa o‘tib, samolyotning radarlarda aniqlanishini ta’minlovchi moslama ham uzib qo‘yilgan, deb yozadi Reuters.

Foto: Airplane Pictures

Foto: Airplane Pictures

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchilar va dispetcherlar orasidagi so‘nggi suhbat ACARS uzib qo‘yilganidan keyin amalga oshirilgan. Unda uchuvchilardan biri “Hammasi yaxshi, xayrli tun”, – degan. Reuters ta’kidlashicha, bunday norasmiy xayrlashuv mazkur sohadagi ish jarayoniga xos emas. Aslida, uchuvchi xayrlashayotib, navbatdagi dispetcherlik markazi uchun samolyot ma’lumotlarini xabar qilishi lozim.

Bu masala yuzasidan Malayziya politsiyasi ushbu reys uchuvchisi Zahari Ahmad Shohning uyida tintuv o‘tkazishga qaror qilganidan xabaringiz bor. Mazkur  tintuv davomida uchuvchining o‘zi tomonidan yig‘ilgan qo‘lbola aviasimulyator topilgan va ekspertiza o‘tkazish uchun musodara etilgan. Shuningdek, uning sherigi – 27 yoshli Fariq Abdulhamidning uyida ham tintuv o‘tkazilgan, ammo bunda jinoyatga aloqador biror buyum topilganligi xabar qilinmayotir.

Malaysia Airlines’ga tegishli, 8-mart kuni yo‘qolgan Boeing 777-200ER samolyotini qidirishda endi 25 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham qatnashmoqda. Qidiruv ishlarida dastlab Xitoy sun’iy yo‘ldoshi tomonidan suratga tushirilgan hamda yo‘qolgan “Boing”ga tegishli, degan taxmin bilan e’lon qilingan “shubhali” obyektlarning samolyotga umuman aloqasi yo‘qligini Malayziya hukumati vakili bayon etgan edi. Keyinchalik laynerni uning bortida bo‘lgan shaxslar olib qochganligi borasidagi taxmin ilgari surilgan. Endi esa, samolyotning aloqa tizimlari atayin o‘chirib qo‘yilganligi ma’lum qilinmoqda.