Malaysia Airlines’ga qarashli Boeing 777-200ER samolyoti 8-mart kuni Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz etayotib, radarlardan yo‘qolib qolganligi xususida xabar qilgan edik. Bu borada olib borilayotgan qidiruv ishlari natija bermayapti. Samolyot radarlarga tushmay qolganidan keyin ham yana taxminan to‘rt soat davomida havoda bo‘lganligi haqida Rolls-Royce tomonidan olingan ma’lumotlar ham o‘z tasdig‘ini topmagan. Endi esa mazkur layner uning bortida bo‘lgan shaxslar tomonidan olib qochilganligi taxmin qilinmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar qilmoqda.

Najib Tun Razzoq / Foto: thebitbag.com

Najib Tun Razzoq / Foto: thebitbag.com

15-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Malayziya bosh vaziri Najib Tun Razzoqning ta’kidlashicha, laynerning g‘oyib bo‘lishi uning bortidagi kishilarning “ongli harakatlari” oqibatidir. Biroq, “Ommaviy axborot vositalarining samolyot olib qochilganligi haqidagi xabarlariga qaramasdan, men aniqlik kiritib o‘tishni istardimki, biz hali havo kemasi ko‘zdan yo‘qolishining barcha ehtimoliy sabablarini ko‘rib chiqamiz”, — degan u. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, radarlardan olingan ma’lumotlarga qarab xulosa chiqarish mumkinki, samolyot o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan va “katta ehtimol bilan” uning aloqa tizimlaridan ayrimlari ishdan chiqqan.

Radarlarning ko‘rsatishicha, layner ikki yo‘nalishdan biri bo‘ylab harakatlangan bo‘lishi mumkin. Ulardan biri Qozog‘iston va Turkmaniston chegarasi bilan Tailand shimolini tutashtiruvchi havo yo‘lagi, ikkinchisi esa Indoneziya janubidan Hind okeani janubiga ketgan havo yo‘lagidir. “Shu sababli, — deydi Najib Tun Razzoq, — Malayziya harbiylari va qutqaruv xizmatlari Janubiy Xitoy dengizi hududidagi operatsiyalarni to‘xtatishadi va qidiruv hududlarini kengaytirish bo‘yicha boshqa mamlakatlar bilan muzokaralar olib borishadi.

Foto: ridus.ru

Foto: ridus.ru

Shu bilan birga, Malayziya politsiyasi mazkur Boeing 777-200ER uchuvchilardan biri – 53 yoshli Zahari Ahmad Shohning uyida tintuv o‘tkazishga qaror qildi, deb yozadi Reuters agentligi. Fuqaro aviatsiyasi kapitani bo‘lgan bu shaxsning yashash joyi esa ma’lum qilinmagan.

Taxminlardan biriga ko‘ra, g‘oyib bo‘lgan samolyotni undagi yo‘lovchilardan yoki ekipaj a’zolaridan biri olib qochgan, lekin bu jinoyat sabablari noma’lum. Gap shundaki, radarga tushmay qolganidan keyin ham laynerning ayrim uskunalari sun’iy yo‘ldosh bilan ma’lumot almashgan. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, “Boing” o‘z parvoz yo‘nalishini o‘zgartirib, Yevropa tomonga harakatlana boshlagan, bu esa uning olib qochilganligi haqidagi taxminga sabab bo‘la oladi. Samolyot Hind okeani ustidan uchib o‘tayotganida uning sun’iy yo‘ldosh bilan aloqasi ham uzilgan.