8-mart kuni yo‘qolgan Malaysia Airlines’ga tegishli Boeing 777-200ER samolyotini qidirishda endi 25 ta davlat ishtirok etmoqda, deb e’lon qildi Malayziya transport vaziri Hishomuddin Husayn. Bu haqda “Reyter” ma’lumotiga tayanib “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: ria.ru

Foto: ria.ru

Avvalroq taxminan 15 ta mamlakat qidiruv ishlarida qatnashayotgani ma’lum qilingan edi. Transport vaziri, shuningdek, AQSh, Xitoy va Fransiyaga sun’iy yo‘ldoshdan olingan qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etishini so‘rab murojaat qildi.

Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Malayziya bosh vaziri Najib Tun Razzoq laynerning g‘oyib bo‘lishi uning bortidagi kishilarning “ongli harakatlari” oqibatidir, deb ta’kidlagan edi.

Bundan tashqari, Malayziya tergovchilari ba’zi mamlakatlarning samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilar haqida ma’lumot jo‘natishini kutmoqda. “Bizning so‘rovimizga bir necha mamlakat hali javob bermadi”, — deb matbuot anjumanida ma’lum qildi Malayziya politsiyasi boshlig‘i Holid Abu Bakar. Hozirda politsiya nafaqat kompaniyada xizmat qilayotgan xodimlarni, balki ekipaj a’zolari hamda yo‘lovchilarni ham tekshirmoqda.