Malayziya Transport vazirligi Pekinga uchayotib g‘oyib bo‘lgan laynerning radardan yo‘qolganidan keyin ham bir necha soat parvozda davom etganligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq The Wall Street Journal nashri qidiruv ishlarida qatnashgan amerikalik tekshiruvchilar so‘zlariga tayangan holda shunday ma’lumot bergan edi, deb yozadi Agence France-Presse.

Foto: Binsar Bakkara / Associated Press

Foto: Binsar Bakkara / Associated Press

AQShlik tekshiruvchilar g‘oyib bo‘lgan “Boing”ning dvigatellarini ishlab chiqargan Rolls-Royce kompaniyasidan olingan ma’lumotlarga tayangan holda shunday taxmin qilishgan. Gap shundaki, dvigatellar parvoz chog‘ida avtomatik tarzda har yarim soatda kompaniyaga ma’lumot yuborib turadi. Rolls-Royce tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot radarlarga tushmay qolganidan keyin ham yana taxminan to‘rt soat davomida havoda bo‘lgan.

Malayziya transport vaziri Hishomuddin ibn Husayn ta’kidlashicha, Rolls-Royce va Boeing kompaniyalarining vakillari hozirda Kuala-Lumpurda bo‘lib, tekshiruv ishlarida ishtirok etishmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, The Wall Street Journal’ga amerikalik tekshiruvchilar taqdim etgan ma’lumotlarni kompaniyalar vakillari hozirgacha ham Malayziya hukumatiga berishmagan. O‘zining kimligini oshkor etmagan bir aviatsiya mutaxassisi esa The New York Times’ga bergan intervyusida, ishlab chiqaruvchi kompaniyaga dvigatellardan ma’lumot hamisha ham muntazam kelib turmasligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘pincha faqat samolyot havoga ko‘tarilayotgan va yerga qo‘nayotgan payti ma’lumot jo‘natadi.

Bulardan tashqari, Malayziya hukumati vakilining bayon etishicha, Xitoy sun’iy yo‘ldoshi tomonidan suratga tushirilgan hamda yo‘qolgan “Boing”ga tegishli, degan taxmin bilan e’lon qilingan “shubhali” obyektlarning samolyotga umuman aloqasi yo‘q. Transport vaziri bu haqda Xitoy rahbariyatiga xabar yuborgan; Xitoyning Malayziyadagi elchisi e’tirof etishicha, fotosuratlar xatolik sababli e’lon qilingan.

Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli mazkur Boeing 777-200ER samolyoti Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz etayotib, g‘oyib bo‘lib qolgan. Undan oxirgi xabarlar Malayziya vaqti bilan 8-martda, tungi soat bir yarimda olingan. Layner bortida bo‘lgan 239 nafar kishining (shulardan 12 nafari – ekipaj a’zolari) taqdiri esa hanuz noma’lum. Qidiruv ishlarida o‘nga yaqin mamlakat mutaxassislari ishtirok etmoqda.