Xitoy sun’iy yo‘ldoshi Malaysia Airline aviakompaniyasiga tegishli “Boing” yo‘qolib qolgan hududda “shubhali suzuvchi obyektlar” mavjudligini aniqladi. Bu haqda Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi xabariga tayanib CNN ma’lumot bermoqda.

Foto: airplane-pictures.net

Foto: airplane-pictures.net

“Sinxua” ma’lum qilishicha, mazkur shubhali obyektlar fotosuratlari Xitoy Mudofaa vazirligiga qarashli Fan, texnologiyalar va industriya milliy ma’muriyati saytida e’lon qilingan. Ularda tasvirlangan obyektlar o‘lchami taxminan 13×18, 14×19 va 24×22 metrga teng. Taqqoslash uchun, Boeing 777-200ER samolyotining qanotlari kengligi 61 metrga, umumiy uzunligi esa 64 metrga teng, deb yozadi CNN.

Shuningdek, saytda mazkur obyektlar topilgan joy koordinatalari ham ko‘rsatilgan: 105,63 daraja sharqiy uzunlik va 6,7 daraja shimoliy kenglik. Bu esa Vyetnamning janubiy chekkalari va Malayziyaning shimoli-sharqi orasiga – Janubiy Koreya dengizi va Siam ko‘rfazi tutashgan joyga to‘g‘ri keladi. Mazkur nuqta samolyotning oxirgi marta aloqaga chiqqan joyidan taxminan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Agentlikning xabar qilishicha, sun’iy yo‘ldosh orqali fotosuratlar 9-mart kuni olingan, biroq saytga 12-martda qo‘yilgan, buning sababi esa ko‘rsatilmayotir.

Malaysia Airlines’ga qarashli Boeing 777-200ER samolyoti 8-mart kuni Kuala-Lumpurdan Pekinga parvoz etayotib, radarlardan yo‘qolib qolgan. U Malayziya va Vyetnam chegarasini kesib o‘tganidan keyin bir necha daqiqa vaqt o‘tgach, aloqa uzilgan. Bevosita g‘oyib bo‘lishidan avval undan olingan xabarda biror muammo haqida gap ham bo‘lmagan. Samolyot bortida 12 nafar ekipaj a’zolari bilan birga jami 239 kishi bo‘lgan.

Hozircha laynerni izlash ishlari biron arzigulik natija bergani yo‘q, shuningdek, bu voqea sabablari ham aniqlanmagan. Taxminlar orasida terrorchilik harakati sodir etilgan bo‘lishi ehtimoli ham nazarda tutilmoqda, chunki samolyot yo‘lovchilaridan ikki nafari avvalroq o‘g‘irlangan pasport bilan yo‘lga chiqqanligi aniqlangan.

Samolyotni qidiruv ishlarida Malayziya, Xitoy, Vyetnam, Singapur, AQSh va Hindiston kabi bir necha mamlakatlar vakillari ishtirok etishmoqda. Uning g‘oyib bo‘lishi voqeasini Amerikaning Markaziy razvedka boshqarmasi hamda Federal qidiruv byurosi ham taftish etmoqda.

Bulardan tashqari, yo‘ldoshdan suratga olishga ixtisoslashgan DigitalGlobe kompaniyasi 12-mart kuni barcha internet foydalanuvchilari uchun yo‘qolgan “Boing”ni topishga qatnashish imkonini yaratib berdi. U Tomnod saytida Janubiy Xitoy dengizi hududidan olingan suratlarni joylab, xohlovchilarga samolyotni yoki uning qoldiqlarini topishni taklif qildi.