Facebook ijtimoiy tarmog‘i 2014-yilning 19-fevralida 16 milliard AQSh dollari evaziga WhatsApp messenjerini sotib olayotganligini ma’lum qildi, deb yozadi Agence France-Presse. Agentlikning ta’kidlashicha, bu Facebook kompaniyasi tarixidagi eng yirik xarid hisoblanadi.

Foto: AFP

Foto: AFP

Yaqin orada amalga oshiriladigan savdo doirasida WhatsApp egalari Facebook’ning umumiy qiymati 12 milliard AQSh dollari bo‘lgan aksiyalarini qo‘lga kiritishadi. Qolgan to‘rt milliardi esa naqd pul bilan to‘lanadi. Bundan tashqari, loyihada ko‘zda tutilishicha, WhatsApp’ning egalari va xodimlari keyingi to‘rt yil davomida umumiy hisobda uch milliard AQSh dollari qiymatidagi aksiyalarini olishlari mumkin.

Mazkur ijtimoiy tarmoq WhatsApp’ga qiziqayotganligi haqidagi xabarlar 2012-yildayoq paydo bo‘lgan, biroq ular rasman tasdiqlanmagan edi.

WhatsApp – dunyodagi eng keng tarqalgan messenjerlardan biri. U uyali aloqa qurilmalari egalariga matnli yozuvlar, rasmlar, videoroliklar va ovozli fayllarni almashish imkonini beradi. Ushbu messenjerdan butun dunyo bo‘ylab 450 millionga yaqin kishi foydalanadi.

2013-yilning aprelida Google kompaniyasi WhatsApp’ni bir milliard AQSh dollari evaziga sotib olish uchun muzokaralar olib borayotgani haqida bir qator ommaviy axborot vositalari xabar berishgandi. Biroq WhatsApp rahbariyati ularni rad etgandi.

Facebook’ning o‘zining messenjerini 2011-yilning avgust oyida ishga tushirgan. O‘tgan yilning kuzida esa Facebook boshqa bir messenjer – Snapchat’ni uch milliard dollarga sotib olishga harakat qilgan edi, biroq tomonlar o‘zaro kelisha olmagan edilar.