Avval xabar berganimizdek, 27-dekabr kuni “Golos” teleshousining final bahslari bo‘lib o‘tdi. Loyihada muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan Nargiz Zokirova ikkinchi o‘ringa munosib deb topildi.

y_1fb8d7ea

Foto © vk.com

Finalda Nargiz qolgan jamoalarning ishtirokchilari Sergey Volchkov, Gela Guralia va Tina Kuznetsova bilan raqobatlashdi. So‘nggi bosqich murabbiy Aleksandr Gradskiy shogirdi Sergey Volchkov foydasiga hal bo‘ldi.

“Intermedia” nashrining ma’lum qilishicha, finalistlar ikki bosqichda bahslashdi. Birinchi safar Tina Kuznetsova, keyingi bosqichda esa Gela loyihani tark etdi. Nargiz Zokirova va Sergey Volchkov taqdiri esa teletomoshabinlar ovozi orqali hal qilindi: Volchkovga 75%, Nargizga 25% ovoz berildi.

Ta’kidlash joiz, “Golos” loyihasining so‘nggi sonida Nargiz “Kalitka” va afsonaviy “The Show Must Go On” qo‘shiqlarini ijro etdi.

Eslatib o‘tamiz, Nargiz Zokirova 1971-yil Toshkentda tug‘ilgan. U taniqli opera qo‘shiqchisi, teatr va kino aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirovning nabirasi, O‘zbekiston xalq artisti Farruh Zokirovning jiyanidir. U 90-yillarda o‘zbek estradasida ijod qila boshlagan. 1995-yilda esa AQShga ko‘chib ketgan.