Google Turkiyada kuchli senzuraga duch keldi

Eng yirik qidiruv xizmati hisoblangan Google kompaniyasi o‘zining korporativ blogida yakunlanayotgan yilning birinchi yarmidagi materiallarning o‘chirilishini talab etuvchi so‘rovlar hisobotini taqdim etdi. Butun dunyo bo‘yicha hukumatlarning Google’ga shu kabi so‘rovlari 68% ga oshib, 3 486 taga yetgan.

AP Photo/Jeff Chiu

AP Photo/Jeff Chiu

Mazkur davrda Turkiya hukumati “siyosiy ruhdagi materiallarni o‘chirib tashlash so‘rovi” bo‘yicha yetakchi ekan – ular 1 673 ta so‘rov yuborib, jami 12 162 ta materialni tarmoqdan olib tashlashni so‘ragan. Bu esa oldingi yarim yillikdagiga nisbatan 10 barobar katta ko‘rsatkichdir. Tarmoqlardagi ma’lumotlarni o‘chirish bo‘yicha so‘rovlarning qoq yarmi Turkiya hissasiga to‘g‘ri kelar ekan, deydi mazkur mamlakatning haberler.com internet nashri.

Bu borada ikkinchi o‘rinni AQSh hukumati egallagan – ular kompaniyaga 545 ta so‘rov yuborib, 3 887 ta materialni o‘chirib tashlashni so‘ragan. Uchinchi o‘rinda esa 1 635 materialga nisbatan 321 ta so‘rov yuborgan Braziliya turibdi.

Google esa turli hukumatlardan kelgan so‘rovlardagi materiallarning uchdan bir qismini o‘chirib tashlagan.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing