Podrobno axborot agentligi xabar berishicha, keyingi yildan boshlab O‘sh—Toshkent trassasi tog‘li hududi ko‘p yillardan buyon maqtalib kelinadigan nemis yo‘llaridan qolishmaydigan yo‘lga ega bo‘ladi. Farg‘ona vodiysining uchta viloyatini boshqa viloyatlar bilan bog‘laydigan А-373 avtoyo‘li hududida “Qamchiq” nazorat-o‘tkazish punktidan to “Chinor” nazorat-o‘tkazish punktiga qadar 76 kilometrli yo‘lning ta’mirlash ishlari boshlandi.

Foto: jamiyatgzt.uz

Foto: jamiyatgzt.uz

Mazkur yo‘l qurilishini xalqaro tenderda g‘olib bo‘lgan Ispaniyaning Isolux Corsan firmasi nemis mutaxassislari ishtirokida amalga oshiradi. Xorazmning “Alyans-kapital” MChJ tashkiloti qo‘shimcha pudratchi sifatida ishtirok etmoqda. Loyiha narxi 220 million dollarni tashkil etadi va uni Osiyo taraqqiyot banki moliyalashtiradi. Yo‘l qurilishida yurtimiz iqlimi, davlat standartlari talabi inobatga olinadi va faqat mahalliy qurilish ashyolaridan foydalaniladi.

Hozirda yo‘l ta’mirlanishida 25 nafar ispanlar ishlamoqda, ularga muhandis Andres Tixares Gerrera boshchilik qilmoqda. Ta’mirlash ishlari keyingi yilning o‘rtalarida yakunlanadi. Ayni paytda Qamchiq dovonida harakatlanadigan yo‘lovchilar noqulayliklarga duch kelishi mumkin.

Bunday yirik loyihalar mamlakat iqtisodiyoti rivojiga foyda bo‘lishi bilan birga, Farg‘ona vodiysiga sayyohlarni jalb etishga ham imkon beradi.

Eslatib o‘tamiz, Fargona vodiysini boshqa hududlar bilan bog‘laydigan va Qamchiq dovonidan o‘tuvchi  129 kilometrli Angren-Pop yo‘nalishida elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi ham amalga oshirilishi haqida avval xabar bergan edik.