Rossiyaning Birinchi telekanali orqali namoyish etiladigan “Golos” musiqiy teletanlovi yana hammaning diqqat markazida. Sababi, teletanlovning ikkinchi mavsum ishtirokchilaridan biri yurtdoshimiz Nargiz Zokirovadir.

Foto: https://www.facebook.com/nargiz.zakirova.1

Foto: https://www.facebook.com/nargiz.zakirova.1

Bu ism va familiyani hozirgi avlod eshitganda, tanimasligi, faqat mashhur familiyadan deb taxmin qilishi mumkin. Ammo 1984-yil rejissor Ali Hamroyevning “Vodillik kelin” filmida yangragan “Sen ketarsan” nomli qo‘shiq orqali Nargiz Zokirovani  katta yoshli muxlislar yaxshi eslasa kerak. Nargiza ushbu qo‘shiqning ruscha talqinini 90-yillar boshida o‘tkazilgan “Anor” nomli qo‘shiqlar tanlovida O‘zbekiston xalq artisti, tog‘asi Farruh Zokirov bilan birga kuylab sahnaga chiqqan.

Mezon nashri yozishicha, “Golos” loyihasining yangi mavsumida qatnashish istagida bo‘lgan 11 ming talabgordan 150 nafar yorqin ovozlilar tanlab olingan va ular orasida Nargiz Zokirova yurtdoshlarimiz qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Rok-xonanda Nargiz tanlovda “Still loving you” qo‘shig‘ini kuylab, hakamlar va zaldagi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Foto: https://www.facebook.com/nargiz.zakirova.1

Foto: https://www.facebook.com/nargiz.zakirova.1

Nargiz haqida uning qarindoshi Javohir Zokirov xonanda tanlovda qatnashishni o‘tgan yildan buyon istab kelganini, Moskvaga borib, qo‘shiqlar yozganini va nihoyat maqsadiga erishganini aytgan.

Nargiz Zokirovaga teletanlov sahnasiga chiqqan ilk daqiqalardan boshlab ko‘pchilik qiziqish bildirdi. Bunga sabab xonandaning tashqi ko‘rinishi, noodatiy imidji, deyish mumkin. U noan’anaviy soch turmagi, bosh va qo‘llarida tatuirovkalar, turli taqinchoqlar bilan mutlaqo “o‘zbekcha” bo‘lmagan ko‘rinishda sahnaga chiqdi.

Nargiz Zokirova haqida

Xonanda 1971-yil Toshkentda san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. U taniqli opera qo‘shiqchisi, teatr va kino aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirovning nabirasi. Nargiz 14 yoshida Yurmaladagi qo‘shiqlar tanlovida qatnashgan. 90-yillarda o‘zbek estradasida ijod qila boshlagan. 1995-yilda AQShga ko‘chib ketgan va oradan 20 yil o‘tib, 42 yoshida Rossiya sahnasida ko‘rinish berdi.