Vengriyaning Budapesht shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida hamyurtimiz  Elmurod Tasmurodov bronza medali bilan taqdirlandi. Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar beradi.

Elmurod Tasmurodov. Foto: anons.uz

Elmurod Tasmurodov. Foto: anons.uz

Yunon-rum kurashi bo‘yicha oltmish kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan Osiyo chempioni Elmurod Tasmurodov xorvatiyalik Tonimir Sokol, ukrainalik Dmitro Simbalyuk, yaponiyalik Kazuma Kuramoto va qozog‘istonlik Almat Kebispayevni mag‘lubiyatga uchratib, chempionatning uchinchi pog‘onasini zabt etdi.

16—23-sentabr kunlari erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur  jahon chempionatida bu o‘zbek polvonlarining ikkinchi g‘alabasidir. Birinchi bronza medalni erkin kurash bo‘yicha 74 kilogramm vazn toifasida Rashid Qurbonov qo‘lga kiritgan edi. Turnirda O‘zbekiston umumjamoa hisobi bo‘yicha esa 15-o‘rinni egalladi.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati 2014-yilning sentabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.