O‘zbek kinosining taniqli aktyorlaridan biri Alisher Uzoqov 2013-yilning 16-sentabr kuni “Grand” radiosining “Fayzli oqshom” dasturida ishtirok etdi. Unda aktyor endi kinoda boshqa rol ijro etmasligi haqida aytib, muxlislarini hayratda qoldirdi.

Eshittrish boshlovchisi Ibrohim Ahmedov Alisherning nega ekranlarda ko‘rinmay qolgani haqida so‘raganida, yulduz tomoshabinlarning har qanday vaziyatda tanqid uchun nishon topa olishi, bu uning kinolarda kam yoki ko‘p chiqishiga bog‘liq emasligini ta’kidladi. Shuningdek, endi kinoda rol ijro etishdan voz kechib, boshqa ish bilan shug‘ullanish niyatida ekanligini qo‘shimcha qildi.

Foto: celebrities.uz

Foto: celebrities.uz

Ta’kidlash joiz, Alisher Uzoqov ijtimoiy tarmoqlarda faol. Kuni kecha aktyor Captiva rusumli mashinasida yo‘l qoidasini buzganligi sababli YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgani haqida o‘zining Facebook’dagi sahifasida xabar bergan edi. U xodim bilan murosaga kela olmaganligi uchun mashinani jarima maydoniga olib ketishgan. Shuningdek, ijodkorning Twitter mikroblogida ham o‘z sahifasi bor.

Foto: fabebook.com

Foto: facebook.com/alisher.uzakov

Ma’lumot o‘rnida: Alisher Uzoqov 1984-yil 25-avgustda san’atkorlar oilasida tavallud topgan. U mashhur aktyorlar — Muhammadjon Uzoqov va Shohida Uzoqovalar farzandi. Aktyor O‘zbekiston san’at va madaniyat institutini tamomlagan.

Alisher Uzoqov o‘zini rejissor sifatida ham sinab ko‘rgan va u suratga olgan “Endi dadam bo‘ydoq” kartinasi M&TVA-2012 tanlovida “Yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasida g‘olib deb topilgan. Shuningdek, “Telba”, “Janob hech kim”, “Uylanish”, “Sevgi farishtasi”, “Oling quda, bering quda”, “So‘nggi lahza”, “Zamonaviy sovchilar”, “Mening akam bo‘ydoq”, “Endi dadam bo‘ydoq”, “O‘gay ona” va boshqa filmlarda turli rollar ijro etgan.

P.S. Mushtariylarimiz orasida Alisher Uzoqovning futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizga yangi murabbiy bo‘lishiga xohish bildirganlar ham borligi haqida yozgan edik. Kim bilsin, Alisherning aktyorlikdan voz kechish haqidagi niyatidan boxabar bo‘lgan O‘FF vakillari uni endi futbolda o‘zini sinab ko‘rishga taklif qilar?