Mustaqillik kuni arafasida Chexiyaning “Shkoda” kompaniyasi O‘zbekistonga trolleybuslar partiyasini yetkazib berdi. Bu haqda Mezon nashri xabar bermoqda.
O‘tgan yil so‘ngida Xorazm viloyatida “Xorazm trolleybus boshqarmasi” davlat korxonasi va Chexiyaning “Shkoda elektrik” kompaniyasi o‘rtasida 9 ta trolleybus yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi. Ayni paytda ularning 4 tasi keltirildi. Ushbu trolleybuslar Xiva va Urganch o‘rtasida qatnashi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joiz, Xorazm O‘zbekistondagi 1997-yil ochilgan trolleybus tarmog‘i saqlanib qolgan yagona viloyatdir. Bu yerda Urganch—Xiva shaharlararo trolleybus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Ilk trolleybus...
Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi trolleybus 1882-yilda Germaniyada aka-uka Simenslar tomonidan yaratilgan.
1911-yil Yevropaning boshqa davlatlarida ham trolleybuslar qatnay boshlagan. 1930-yildan so‘ng, ikki qavatli trolleybuslar ham paydo bo‘lgan.
63 yil davomida xizmat qilgan Toshkent trolleybuslari tarixidan
Toshkentda 1947-yil 5-noyabrda ilk trolleybus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. U Temir yo‘l vokzali va Chorsu bozori oralig‘ida qatnadi.
1960-yilda trolleybus liniyalari 89,4 kmga, 1970-yilda 135,7 kmga yetdi.
1981-yilda 18 ta ZIU-5 va ZIU-9 markali trolleybuslar qatnagan.
1990-yilda Toshkent trolleybus parklariga “Shkoda” rusumli trolleybuslar keltirildi.
2010-yil yanvar oyida Jizzax hamda Namangan viloyatlarida, 2010-yil 1-mayda esa Toshkent shahrida trolleybuslar qatnovi to‘xtatildi. Chunki, trolleybuslar ekologik jihatdan zararsiz bo‘lsa-da, tekis va ravon yo‘l, mustahkam tortilgan elektr simlarni talab etadi. Shu bois, iqtisodiy jihatdan serxarajat bu transport vositasidan poytaxtimizda voz kechildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Abrorov Gazeta.uz nashriga 2009-yil 3-noyabr kuni bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Aziz mushtariylar, siz poytaxtimiz trolleybuslarini sog‘inyapsizmi?