Ingliz matbuoti: “Temir yo‘llar sigirlar o‘tlashiga xalal beradi, tovuqlar tuxum bermay qo‘yadi”, — deb bashorat qilgan edi. Germaniyada esa tibbiy komissiya tez harakat natijasida yo‘lovchilarda miya kasalligi kelib chiqish xavfi borligi haqida ogohlantirgan edi. Biroq bunday ogohlantirishlarga qaramasdan, temir yo‘l o‘z davri uchun taraqqiyotning kuchli dvigateliga aylandi. Bugungi kunda hayotimizni temir yo‘l qatnovisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Muzey darvozasi. Foto: Daryo.uz

Muzey darvozasi. Foto: Daryo.uz

Ilk parovozlar qanaqa bo‘lgan? Ularni Toshkent temir yo‘l texnikasi muzeyi yoki xalqona ataganda, “Parovozlar muzeyi”da ko‘rish mumkin. Bu yerda ochiq osmon ostida ta’mirlangan va ishchilar tomonidan ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlab kelinayotgan parovoz va elektrovozlar to‘plami jamlangan. Biz muzeyga aynan temir yo‘l xodimlari kuni arafasida tashrif buyurdik va o‘z ko‘zimiz bilan texnikani bo‘yash va ta’mirlash ishlari qanday amalga oshirilishiga guvoh bo‘ldik. Lok-bo‘yoqqa xos o‘tkir hiddan boshimiz aylangudek bo‘lib, muzeyni oddiy tashrif buyuruvchilar sifatida aylandik. Undan keyin masalaga rasmiy tarafdan yondashdik – boshqarmaga murojaat qildik. Bizni muzey fondlari Bosh saqlovchisi Boris Sobolev kutib oldi. U muzeyda u ochilgan kundan buyon ishlar ekan.

Muzey fondlari Bosh saqlovchisi Boris Sobolev. Foto: Daryo

Muzey fondlari Bosh saqlovchisi Boris Sobolev. Foto: Daryo

1988-yilda O‘rta Osiyo temir yo‘li 100 yoshga to‘ldi. Yubiley tantanalari o‘tkazilayotgan kunlarda Toshkent-Yo‘lovchi stansiyasida yo‘lda ishlaydigan lokomotivlar omma e’tibori uchun ko‘rgazmaga qo‘yildi. Bu poytaxt aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘p sonli talablarga ko‘ra, ko‘rgazmani qoldirishga qaror qilindi. 1989-yil 4-avgustda Salar bo‘yida Temir yo‘l texnikasi muzeyi ochildi. U shaharning vokzal oldi maydoni me’morlik ansambliga mos tushdi.

Muzeyimiz ikki gektarlik maydon hududida joylashgan. Muzeyning temir yo‘l xodimlarining kasb bayrami kuni – 1989-yil 4-avgust kuni ochilishi ramziy ma’noga egadir. U temir yo‘l ixtisosligidagi texnik muzeylar jahon miqyosidagi ittifoqiga kiradi va eksponatlar to‘plami bo‘yicha dunyoning eng qiziqarli shu turdagi muzeylaridan biri hisoblanadi. Muzeyimiz o‘sha vaqtda hozirgi MDH hududida ilk va yagona muzey bo‘lgani sababli, temir yo‘l texnikasining nodir eksponatlarini yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Ulardan eng eskisini erkalab “qo‘zichoq” deb ataymiz. U haqiqiy “kino qahramoni”: ko‘pgina filmlarda suratga tushgan. Ulardan eng mashhuri “Qo‘lga tushmas qasoskorlar” (1968-y.) Parovoz ko‘prik ustida yurib boradigan sahna esingizdami? U Amudaryoda bizning “qo‘zichog‘imiz” ishtirokida olingan.

“Qo‘lga tushmas qasoskorlar” filmi “qahramoni” qahramoni. Foto: Daryo

“Qo‘lga tushmas qasoskorlar” filmi “qahramoni” qahramoni. Foto: Daryo

Muzeyda tarixiy seriyadagi 13 ta parovoz, 18 ta teplovoz, 3 ta elektrovoz, turli vagonlar va o‘tgan asrning ta’mirlash va qurilish texnikasining qiziqarli namunalari ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Muzey bo‘ylab sayrni ekskursiya poyezdida amalga oshirish mumkin. U muzeyning butun hududi bo‘ylab o‘tgan tor izli temir yo‘lda yuradi.

Foto: Daryo

Foto: Daryo

So‘nggi yillarda muzeyda zamonaviy jurnallar uchun moda mavzusidagi fotosessiyalar o‘tkazilmoqda. Taniqli dizaynerlar libosidagi nozik model qizlarning qo‘pol texnika fonida turib suratga tushishi glamur fotosessiyalar uchun original manzaradir. Bundan tashqari, muzey kelin-kuyovlar sayrgohiga ham aylanishga ulgurgan. Bunday noodatiy dekoratsiyalarda olingan suratlar to‘y albomidan mustahkam joy egallamoqda.

Manevr teplovozi, 1961-yil. Foto: Daryo

Manevr teplovozi, 1961-yil. Foto: Daryo

Muzeyda vaqtning qanday o‘tganini sezmay qoldik. Muzeyda sayr qilarkansiz, vaqt bo‘ylab sayohat qilgandek bo‘lasiz. Parovozlar modeli o‘zgarib, teplovozlar paydo bo‘ldi. Temir yo‘l texnikasi muzeyida temir yo‘l taraqqiyotining butun tarixiga guvoh bo‘lish mumkin. Buning ustiga, bunga ulkan bir sabab ham bor – O‘rta Osiyo temir yo‘lining 125 yillik yubileyi.

Muzeyga kiraverishda 1948-yilda Qo‘qondagi bolalar temir yo‘lida ishlagan o‘yinchoq parovoz turibdi. Foto: Daryo

Muzeyga kiraverishda 1948-yilda Qo‘qondagi bolalar temir yo‘lida ishlagan o‘yinchoq parovoz turibdi. Foto: Daryo

Umuman olganda, 1888-yildan buyon ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q. Yo‘lning o‘ziga xos zavqi, manzilga yetganda kechadigan hissiyot, ufq – hammasi xuddi avvalgidek. Manzaralar o‘zgarishini kuzatish, hamrohlar bilan suhbat qurish, perronlarda somsa sotib olish, o‘lkamizga poyezd oynasidan nigoh tashlash – bularning barchasidan poyezdning sharofati bilan zavqlana olamiz.

P.S. yoki narx masalasi:

Muzeyga kirish chiptasi kattalar uchun 3000 so‘m, 5 yoshdan oshgan bolalar uchun 1500 so‘m. Ekskursiya poyezdida sayohat – 2100 so‘m. Ekskursiya – 5000 so‘m.