Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida qiymati 5000 so‘m bo‘lgan pul biletlarini muomalaga chiqarish to‘g‘risida rasmiy axborot e’lon qilindi.

uzb_old_0

2013-yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 5000 so‘m bo'lgan yangi pul biletlarini muomalaga chiqaradi.

uzb_orqa

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 5000 so‘m bo‘lgan pul biletlari 144 x 78 mm. o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan.

Banknotning o‘ng tarafidagi keng oq rangli sathda O‘zbekiston Respublikasi Gerbi va “5000” raqami ko‘rinishida suv belgisi mavjud.

Oq rangli sathning chap tarafidan qog‘oz qatlamida golografik effektli yuzaga chiqib, ichkariga botuvchi himoya ipi o‘tkazilgan.

Bilet old tomonining yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi mavjud.

Chap qismida naqshinkor elementlar fonida O'zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan.

Gerbning pastki qismida ettita raqamli nomeri bilan ikki lotin harfidan iborat seriyasi joylashgan.

Naqshinkor ramkaning o'ng va chap burchaklarining quyi qismida, shuningdek Gerbning o‘ng tarafida “5000” raqami tasvirlangan bo‘lib, biletning qiymatini bildiradi.

Gerbning o‘ng tarafidagi “5000” raqami ustiga yirik harflar bilan “SO‘M” so‘zi yozilgan. Ushbu tasvir tepasida bilet qiymati so‘z bilan “BESH MING” ko‘rsatilgan.

Naqshinkor ramkaning pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” yozuvi joylashgan.

Banknotning jigar rang naqshinkor ramkasi, “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi, Gerb, o‘ng va chap tomondagi  “5000” raqamlari bo‘rtib turadi, ushlab ko‘rilganda seziladi.

Oq rangli sathda joylashgan “5000” raqami uning diagonali bo‘yicha farqlangan ikki xil rangda ishlangan. Raqam tepasida biletning nomeri va seriyasi takror ko‘rsatilgan.

Oq rangli sathning yuqori qismida qiyalik burchagining holatiga qarab rangini bronza rangidan yashil rangga o‘zgartiruvchi va ushlab ko‘rilganda bilinadigan bo‘rtib turuvchi naqsh mavjud.

Naqsh tepasida banknot chiqarilgan yil “2013” ko‘rsatilgan.

Banknotning orqa tomoni chap qismidagi oq rangli sathda suv belgilari ko‘rinadi. Oq rangdagi sathning yuqori va pastki qismlarida rangli naqshinkor bezaklar joylashgan bo‘lib, pastki bezak ustida “5000” raqami aks ettirilgan.

Banknotning markazida “OLIY MAJLIS” me’moriy binosi, bino gumbazining tepasida O‘zbekiston Respublikasining rangli bayrog‘i tasvirlangan.

Rasmning yuqori chap burchagida bir-birini kesib o‘tuvchi “5000” va “SO‘M” yozuvlari mavjud bo‘lib, ularning tepasida banknotning qiymati so‘z bilan “BESH MING” ko‘rsatilgan.

Ularning pastki qismida turli balandlikdagi, qiyalik burchagining holatiga qarab rangini yorqin tilla rangdan och yashil rangga o‘zgartiruvchi ikkita “5000” raqamlari joylashgan.

Shuningdek, banknotning “5000” raqamdagi qiymati uning yuqori o‘ng burchagida ham tasvirlangan.

Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TAQIB QILINADI” yozuvi joylashgan.

Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 5000 so‘m bo'lgan pul biletlari, ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Eslatib o‘tamiz, 19-iyundan boshlab internet tarmog‘ida O‘zbekiston Republikasi Markaziy banki tomonidan 5000 so‘mlik kupyura muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida ma’lumot tarqalgan edi. Ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklar saytlarida ushbu kupyuraning muomalaga chiqish-chiqmasligi to‘g‘risida qizg‘in bahs-munozaralar davom etmoqda.

Avval ushbu kupyura chiqishi haqida, keyin esa bu ma’lumotning rad etilgani haqida ko‘pchilik nashrlar xabar e’lon qilgan edi. Boshqa OAVlardan farqli ravishda, tasdiqlanmagan xabarni nashrimizda e’lon qilib, o‘quvchilarimizga noto‘g‘ri ma’lumot berishni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Shuning uchun bundan avval nashrimizda ushbu mavzuga tegishli hech qanday yangilikni e’lon qilmadik. O‘quvchilarimizga to‘g‘ri va tasdiqlangan ma’lumotni taqdim etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Bugun esa, ushbu ma’lumot o‘z rasmiy tasdig‘ini topdi va nashrimizga asosli yangilikni joylashtirdik.