Turkiyada davom etayotgan tartibsizliklar haqida avval xabar bergandik. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, unda 2 kishi halok bo‘lgan. Birinchi qurbon — 20 yoshli Memet Ayvalitas Istanbuldagi namoyishlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan. Reuters agentligining xabar berishicha, 3-iyun kuni taksi avtomobili tasodifan bir guruh namoyishchilarga borib urilgan, natijada Memet vafot etgan, yana to‘rt kishi jarohat olgan. Memet Ayvalitasning o‘limi namoyishchilar orasidagi tasdiqlangan dastlabki halokat bo‘lgan.

Associated Press

Associated Press

Shu kuni Turkiyaning janubida joylashgan Xatay viloyatidagi norozilik harakatlarida 22 yoshli Abdulla Komert hayotdan ko‘z yumgan, deya xabar berdi Agence France-Presse. U otishmalar natijasida halokatli jarohat olgan. Zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan bo‘lsa-da, jarrohlar uning hayotini saqlab qololmagan. Politsiya namoyishchining halokati bo‘yicha tekshiruv ishlarini olib bormoqda, deyiladi Turkiyaning NTV telekanali xabarida.

Associated Press

Associated Press

Turkiyadagi tartibsizliklar juma kuni kechqurun  Istanbulda boshlangan. Unga dastlab hukumatning Taksim maydoniga tutashgan bog‘ni yo‘q qilish rejasi sabab bo‘lgan. Politsiya maydonga chiqqan namoyishchilarni kuch bilan tarqatib yuborgach, norozilik harakatlari Turkiyaning boshqa shaharlariga, shu jumladan poytaxt Anqaraga ham tarqalgan.

Tartibsizliklar mobaynida namoyishchilarning dastlab tabiatni asrashga qaratilgan shiorlari keyinchalik siyosiy tus ola boshladi: harakat ishtirokchilari Rajab Toyib Erdog‘an hukumatiga qarshi chiqmoqdalar.