Turkiyadagi hukumatga qarshi namoyishlar chog‘ida qo‘lga olinganlarning umumiy soni 1700 kishidan oshib ketdi. Agence France-Presse xabar berishicha, bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Muammar Guler e’lon qilgan. Shuningdek, qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi so‘roq qilinib, shaxsi aniqlangach, ozodlikka chiqarilgan.

Reuters.com

Reuters.com

Gulerning jurnalistlarga bergan ma’lumotlarida so‘nggi kunlarda Turkiyaning 67 ta shahrida hammasi bo‘lib 235 ta norozilik namoyishlari sodir bo‘lganligi aytilgan. To‘qnashuvda 58 nafar fuqaro va 115 nafar politsiya xodimlari jarohat olgan. Vazir yuzlab odamlarning zarar ko‘rganligi va bir necha kishi halok bo‘lganligi haqidagi xabarlarni qat’iy rad qildi.

Reuters.com

Reuters.com

31-may juma kuni boshlangan tartibsizliklar davomida yuzlab politsiya avtomobillari, 94 ta do‘kon va yuzdan oshiq shaxsiy avtomobillarga zarar yetgan. Tartibsizliklar natijasida yetkazilgan jami moliyaviy zarar 20 million lir (8 million yevro) miqdorida baholanmoqda.

Reuters.com

Reuters.com

Turkiyadagi tartibsizliklar juma kuni kechqurun  Istanbulda boshlangan. Unga dastlab hukumatning Taksim maydoniga tutashgan bog‘ni yo‘q qilish rejasi sabab bo‘lgan. Politsiya maydonga chiqqan namoyishchilarni tarqatib yuborgan. Shundan keyin norozilik harakatlari Turkiyaning boshqa shaharlariga, shu jumladan poytaxt Anqaraga ham tarqalgan. 2-iyun kuni vaziyatning tartibga tushgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, biroq o‘sha kuniyoq politsiya Anqarada navbatdagi namoyishni vodomyot va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatib yubordi.

Reuters.com

Reuters.com

Tartibsizliklar mobaynida namoyishchilarning dastlab tabiatni asrashga qaratilgan shiorlari keyinchalik siyosiy tus ola boshladi: harakat ishtirokchilari Rajab Toyib Erdog‘an hukumatiga qarshi chiqmoqdalar. Bosh vazir esa o‘z navbatida, tartibsizliklar oppozitsiya tomonidan uyushtirilganligi va undagi ishtirokchilarning nuqtai nazari butun jamoatchilikka tegishli emasligini ta’kidlamoqda.