Xalqaro matbuotda faol va g‘ayratli hamda ko‘pgina sohalarda anchagina yutuqlarga erishgan yoshlar hayoti ko‘p yoritiladi. Masalan, mashhur ijtimoiy tarmoqlar asoschilari Mark Sukkerberg va Pavel Durov yoki Google qidiruv tizimi asoschilari Sergey Brin va Larri Peyjlar hayoti haqida biz bilmagan ma’lumotlar va erishgan muvaffaqiyatlarining sirlari to‘g‘risida kim bilishni istamaydi deysiz? Shaxsan o‘zim ularni ilhomlanish va o‘rnak olish uchun o‘qib boraman.

Shu yo‘nalishda maqola tayyorlamoqchi bo‘lib internetga yuzlanganimda, uzoqqa borishning hojati yo‘qligiga, o‘zimizda ham bunday yoshlar anchagina ekanligiga guvoh bo‘ldim.

“Bugunning yoshlari” mavzusidagi maqolalarning birinchi sonida onatili.uz sayti asoschisi Qamarniso Ismoilova haqida yozishga qaror qildik.

Nyu-Yorkning Markaziy bog‘ida

Nyu-Yorkning Markaziy bog‘ida

Kim: Qamarniso Ismoilova

Tug‘ilgan sanasi: 1989-yil 20-noyabr

Nima qilgan: Onatili.uz sayti asoschisi, “Vikipediya” onlayn ensiklopediyasining faol mualliflaridan biri

Yutuqlari: Onatili.uz sayti 2009-yilda “.UZ” domeni Internet-festivalida “Festival kashfiyoti” va “Davlat tilidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyalari bo‘yicha tegishli ravishda 1- va 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 2011-yil Isroilning Hayfa shahrida va 2012-yil AQSh poytaxti Vashingtonda o‘tkazilgan “Vikimaniya” (Wikimania — viki loyihasi foydalanuvchilari xalqaro anjumani)da ishtirok etgan. 2011-yil ISWI (International student week in Ilmenau – Ilmenaudagi xalqaro talabalar haftaligi) talabalar anjumanida qatnashgan.

Hozir nima qiladi: Estoniyaning Tartu universitetida magistratura talabasi.

"Vikipediya" asoschisi Jimmi Ueyls bilan

“Vikipediya” asoschisi Jimmi Ueyls bilan

Biz Qamarniso bilan bog‘lanib, uning faoliyati, qiziqishlari va kelajakdagi rejalari haqida bilishga harakat qildik. Quyida u bilan bo‘lgan suhbatimizni keltirib o‘tamiz.

— Sizni onatili.uz saytini ochishga nima undadi?

— Onatili.uz saytini 2009-yilda yuritishni boshlaganman. U paytda O‘zbekistondagi veb-saytlarning aksariyati asosan rus tilida yuritilar edi. Hozirgi vaziyat haqida ko‘p ma’lumotga ega emasman-u, lekin, o‘zbek tilidagi saytlarning ko‘paygani sezilarli. Xullas, o‘sha paytda o‘zbek tilidagi saytlarga katta ehtiyoj sezganman. Buni qarang-ki, o‘zbek tilining o‘zi haqida sayt internetda hali mavjud emas ekan. Mavjud bo‘lmagani sababli, shunday saytni yaratishga o‘zim kirishdim. To‘rt yillik tajribamdan kelib chiqib ayta olaman-ki, onatili.uz sayti odamlarga juda kerak bo‘lgan ekan va kerak bo‘lib kelmoqda. Dars qilayotgan o‘quvchilar, talabalar, o‘zbek tiliga shunchaki qiziqayotgan insonlar qidiruv vositalari orqali onatili.uz saytini topib foydalanib kelmoqdalar.

Germaniyaning Frankfurt shahrida

Germaniyaning Frankfurt shahrida

— “Vikipediya”ga qanday qiziqib qolgansiz?

— Hammamiz har kuni internetda u yoki bu ma’lumotni qidiramiz. Ko‘pincha qidiruv natijalari vikipediya sahifalarini ko‘rsatadi. Bundan bir qancha vaqt oldin, 2007-yilda rus tilidagi “Vikipediya”dan ma’lumotni o‘qiy turib, shunday ma’lumotni o‘zbekcha “Vikipediya”dan topsa bo‘lmasmikan, deb o‘ylab qolgan edim. “Vikipediya”ning o‘zbek tilidagi bo‘limiga o‘tsam, u yerda juda oz miqdorda maqolalar mavjud ekan. “Vikipediya”ning ajoyib xususiyatlaridan biri shunda-ki, unga istalgan kishi ma’lumotni kirita oladi. Shunda men o‘zbekcha “Vikipediya”ga o‘zim qiziqqan mavzular (musiqa, futbol) bo‘yicha ma’lumotlar kirita boshladim. Bu jarayon meni shunchalik ichiga tortib ketdi-ki, men bundan haqiqatda zavq olar edim. “Vikipediya”ga yozish menga hozir ham mamnuniyat bag‘ishlaydi. “Vikipediya”ga maqolalar yozish nafaqat boshqalarga foyda keltirishi, balki o‘zingizga ham katta yutuqlar olib kelishi mumkin. Masalan, men boshida asosan rus tilidan maqolalarni o‘zbek tiliga tarjima qilar edim. Keyinchalik esa, ingliz tilidan tarjima qilishga o‘tdim. Avvaliga juda qiyin bo‘ldi, lekin, o‘rganib ketdim va natijada ingliz tilidagi bilimimni ancha yaxshiladim. “Vikipediya” tufayli men dunyo bo‘ylab bir qancha juda aqlli odamlar bilan tanishdim, yaqin do‘stlar orttirdim va dunyoqarashimni kengaytirdim.

Fransiya poytaxti Parijda

Fransiya poytaxti Parijda

— “Daryo” nashri haqida qanday fikrdasiz? Uni rivojlantirish bo‘yicha qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

— Sayt menga juda yoqdi — oddiy va chiroyli dizayn, sifatli suratlar, xatosiz yozilgan yangiliklar. Shunday o‘zbek tilidagi saytlar ko‘payaversin.

Faqatgina logotipini qandaydir boshqacharoq qilar edim. Hozirgi “Daryo” so‘zli logotipda faqat shu saytga xos bo‘lgan belgi yo‘q. Keyin, mualliflar ro‘yxatini ko‘rish ham qiziqarli bo‘lar edi.

— Internetdan tashqari yana nimalarga qiziqasiz?

— Sayohat qilishni juda yaxshi ko‘raman. Turli shaharlarni arxitekturasini ko‘rish, muzeylariga, tarixiy joylariga kirish, yangi muhitni, dunyo qanday katta ekanligini his qilish - bularning barchasi menga juda yoqadi. Bundan tashqari, real voqelik haqida yozilgan kitoblarni o‘qishni, sevimli qo‘shiqchi va guruhlarimning konsertlariga borishni ham yaxshi ko‘raman.

— Internetda foydali ish qilmoqchi bo‘lgan “Daryo” o‘quvchilariga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Qiziqqan narsangiz ustida ishlang. Shunda sizning shu faoliyatni olib borishdagi ishtiyoqingiz so‘nmaydi. Internetdan to‘g‘ri foydalaning. Vaqtingizni asrang, uni bekorchi narsalarga sarflamang. Iloji boricha o‘zingizga va boshqalarga foyda keltiruvchi ishlarni qiling. Shunda hayotingizda to‘g‘ri yashayotganlik hissi sizni tark etmaydi.

— Keyingi rejalaringiz qanaqa?

— Onatili.uz saytini rivojlantirishda davom etish, o‘zbek vikipediyasiga maqolalar yozish va shu bilan birga, reallikdagi hayotimni unutmaslik.

Qamarnisoga saytimiz savollariga bergan mazmunli javoblari uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz. Yurtimizda mana shunday faol va iqtidorli yoshlarning yanada ko‘payishiga tilakdoshmiz.

Aziz “Daryo” o‘quvchilari! Agarda siz ham mana shunday iqtidorli yoshlar haqida bilsangiz bizga albatta xabar yuboring. Biz kelgusi maqolalarimizdan birini ularga bag‘ishlaymiz.