Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyati Uralsk shahrida joylashgan madaniyat va istirohat bog‘idagi attraksionda sakkiz nafar bola jarohatlandi, deb yozmoqda Tengrinews.
Attraksionning keskin to‘xtashi natijasida besh yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan sakkiz nafar bola yiqilib tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda hodisaning videosi keng tarqalmoqda.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ishlayotgan paytida karusel keskin to‘xtagan. Uskuna aylanmay qolgan va bolalar attraksiondan yerga yiqilgan.
“Barchasi ko‘z oldimda sodir bo‘ldi. Bu qo‘rqinchli filmdan bir sahna edi. Bechora bolalar. Darhol yetib kelib arg‘imchoqni tuta boshlagan yigitlarga katta rahmat”, — dedi Uralsk fuqarolaridan biri.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining matbuot xizmati tez tibbiy yordam bo‘limiga istirohat bog‘idagi hodisa to‘g‘risida soat 19:36 da qo‘ng‘iroq kelib tushganini ma’lum qildi. Jarohatlanganlar viloyat bolalar shifoxonasiga yetkazildi.
Keyinroq Uralsk politsiya departamenti ushbu hodisa bo‘yicha Jinoyat kodeksining 306-modda 2-qismi bilan (“Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish yoki sotish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish”) sudgacha bo‘lgan tergov-surishtiruv ishlari boshlangani haqida xabar berdi.
Ma’lumot uchun, ikki yil oldin Uralsk istirohat bog‘idagi “Charxpalak” attraksioni to‘xtab qolgan edi. Attraksionda qolib ketgan odamlarni qutqaruvchilar yordamida ko‘p metrli balandlikdan olib tushishga to‘g‘ri kelgan. Hodisadan keyin attraksion demontaj qilingan.
Avvalroq Misrda yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi, 11 kishi halok bo‘lib, 100 ga yaqin odam jarohatlangani haqida xabar berildi. Temiryo‘l ma’muriyati bayonotiga ko‘ra, Qalyubiya viloyatining Benxa shahrida poyezdning to‘rtta vagoni relsdan chiqib ketgan.
26-mart kuni Misr janubidagi Soxag hududida ikkita yo‘lovchi poyezdining o‘zaro to‘qnashishi oqibatida kamida 32 nafar odam halok bo‘lib, yana 91 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan edi. Poyezdlarning u qadar katta tezlikda harakatlanmagani biri boshqasining ortidan yurgani ma’lum qilingan. To‘qnashuvdan keyin ikkita vagonga jiddiy talafot yetgan, ularning biri ag‘darilib qolgan.
Izoh (0)