Madridning “Real” jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan “Barselona”ga qarshi Ispaniya chempionati 31-turidagi o‘yin oldidan uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar beradi “Chempionat”.
“’El-Klasiko’ – imtihon emas. So‘nggi paytlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, o‘z ishimizni davom ettiryapmiz. Bu shunchaki yana bitta, ammo muhim o‘yin bo‘ladi. ‘Barselona’ga qarshi o‘yinlar boshqalaridan ajralib turadi. Muxlislar qiziqarli bahsni kutadi, men esa jamoamning so‘nggi paytlarda namoyish qilayotgan o‘yinini kutaman. Omadim keldi, chunki bo‘lajak o‘yinni yaqindan ko‘rish imkoniga egaman”, – deydi fransiyalik mutaxassis.
“Futbolchilar bilan birinchi davrada qayd etilgan natija borasida gaplashmadim. O‘shanda nima bo‘lganini ular biladi. Bu safar o‘yin boshqacha bo‘ladi. Ushbu o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak va biz buni xohlaymiz. ‘Santyago Bernabeu’da bo‘lib o‘tgan o‘yinni ko‘rdim va tahlil qilib chiqdim, lekin futbolchilar bilan bu haqda gaplashmadim”, – deya fikriga yakun yasadi Zidan.
Eslatib o‘tamiz, birinchi davrada “Barselona” jamoasi “Santyago Bernabeu” stadionida “Real”ni 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” va “Real” o‘rtasidagi navbatdagi “El-Klasiko” bugun, 2-aprel kuni “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:30 da boshlanadi.