Mercedes-Benz kompaniyasi tyuning-atelyesi bo‘lmish AMG yil oxiriga qadar o‘nta yangi modelni chiqarishni mo‘ljallagan. Shu tariqa, kuchaytirilgan Mercedes modellari safi 48 taga yetadi. Bu haqda Mercedes-AMG rahbari Tobias Moyers ma’lum qildi, deya xabar beradi Motor.
Nyu-York avtosalonida taqdimoti o‘tkazilgan C-turkumidagi kabriolet oxirgi AMG-model bo‘ldi. Model to‘rt litrli, benzinli V8 biturbo dvigateli (versiyasiga qarab 476 yoki 510 ot kuchi) bilan jihozlanadi. Kabrioletning eng kuchli modifikatsiyasi 4,1 soniya ichida yuz kilometr tezlikka chiqadi.
Bu yil AMG oilasiga mansub to‘rtta model — SLC, C-Class Coupe, E-Class va GLC ham ilk bor namoyish etildi. Ularning barchasi uch litrli V6 motori bilan jihozlangan. Endi Mercedes-Benz AMG GT superkarining kuchaytirilgan versiyasi, shuningdek, Mercedes-AMG GLC 63 krossoverini taqdim etishi ham kutilmoqda.