Moskvadagi prezident ma’muriyati binosi oldida Checheniston va Ingushetiya chegarasida jurnalistlarning kaltaklanishiga qarshi noroziligini ifodalash maqsadida ularning hamkasblari yakka tartibda piketga chiqmoqda. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
“Mediazona” nashri asoschilaridan biri Pyotr Verzilovning Twitter orqali xabar qilishicha, piket chog‘ida prezident ma’muriyati binosidan tan olinmagan “DXR” vakili Denis Pushilin chiqib kelgan. U aksiyada ishtirok etish borasidagi taklifni rad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 9-mart kuni “Qiynoqlarning oldini olish qo‘mitasi” tomonidan uyushtirilgan press-tur doirasida Ingushetiya va Chechenistonga borgan qo‘mita xodimlari, norvegiyalik va shvetsiyalik jurnalistlar, The New Times hamda “Mediazona” muxbirlari, jami 8 kishidan iborat guruh ikki respublika chegarasida kaltaklandi, ular tushgan mikroavtobus esa yoqib yuborildi. Mazkur hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Keyinchalik qurolli shaxslar qo‘mitaning Ingushetiyadagi Qorabuloq shahrida joylashgan shtab-kvartirasiga hujum uyushtirgani ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)