11-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, shuningdek, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarini ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi O‘zA.
Majlisda ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri R.Azimov hamda Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov ma’ruza qildi.
Deputatlar kelgusi yilga shakllantirilgan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarida, shuningdek, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,2 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,1 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi nazarda tutilayotganligini alohida qayd etdi.
2016-yilgi Budjetnoma loyihasida mikrofirma va kichik korxonalarga mansub bo‘lgan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizgacha tushirilishi taklif etilmoqda. Bu mazkur korxonalar ixtiyorida 58,4 milliard so‘m qoldirish imkonini beradi. Bundan tashqari, 2016—2019-yillarda xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari uchun soliq yukini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
2016-yilgi Davlat budjeti loyihasida madaniyat muassasalarini ta’minlash va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun ajratilgan xarajatlar hajmini joriy yilga nisbatan 1,16 baravar oshirish rejalashtirilgan. Respublikaning tarixiy-me’moriy, ijtimoiy-madaniy va turizm salohiyatini ehtiyotlab saqlashni ta’minlash, shuningdek, yanada targ‘ib qilish maqsadida, O‘zbekistondagi madaniy va arxeologiya merosi obyektlarida konservatsiyalash va restavratsiya qilish ishlarini o‘tkazish bo‘yicha dasturni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 22 milliard so‘m mablag‘ ajratish taklif etildi.
Davlat budjetining umumiy xarajatlarida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan xarajatlar 2015-yildagi 58,7 foizdan 2016-yilda 59,2 foizga oshiriladi.
2016-yilgi Davlat budjeti loyihasida fan sohasiga ajratilgan xarajatlar joriy yilga nisbatan 1,36 baravar oshirilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi hamda tegishli qaror qabul qildi.