Mikroprotsessorlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi hisoblanuvchi Intel korporatsiyasi (AQSh) MDH mintaqasida intellektual mulkni himoya qilish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi Intell Sphere Group (O‘zbekiston) kompaniyasi bilan sudlashdi, deb yozadi “Kommersant.uz”.
Qayd etilishicha, Intel Corporation’ning O‘zbekistondagi rasmiy vakolatxonasi 2010-yil noyabr oyida Intell Sphere Group’ga maktub yo‘llab, dunyo bo‘ylab INTEL va intel savdo belgilaridan foydalanish huquqi AQSh korporatsiyasiga tegishli ekanligini ma’lum qilgan va kompaniyani o‘z nomi tarkibida ushbu so‘zdan noqonuniy foydalanishda ayblagan.
Nomidagi “Intell” qismi “intellektual” so‘zidan olingan kompaniya qo‘yilgan ayblovlarni rad etgach, ish sudda ko‘rib chiqilgan. Jarayon bir yildan uzoq davom etib, yakunda Toshkent shahar xo‘jalik sudi Intell Sphere Group foydasiga qaror chiqargan va Intel Corporation’ga kompaniyaning ishni sudda ko‘rib chiqish jarayonida sarflagan moddiy xarajatlarini kompensatsiya qilish majburiyatini yuklagan.