“Yoshlar” teleradiokanali buyurtmasiga binoan “O‘zbektelefilm” Davlat unitar korxonasi tomonidan 20 qismdan iborat “Mehmonxona” (Hotel) nomli teleserial suratga olinmoqda. Bu haqda “Popcorn.uz” xabar bermoqda.
Serial rejissyori Akrom Isakovning ma’lum qilishicha, suratga olish ishlarining 90 foizi amalga oshirilib, yakuniy qismlari qolgan. Bir vaqtda montaj ishlari ham boshlab yuborilgan.
“Bu ssenariyning g‘oyasi haqida 2 yil avval o‘ylagandim, ammo vaqti-soati kelgach, Barno Abdurashidova hamda Nosir Boymirzayev bilan hamkorlikda ssenariy yozdik, – dedi rejissyor.
Mazkur teleserialda noan’anaviy, o‘tkir syujetli, tarbiyaviy ahamiyatga ega mavzular, xususan, nafs, boylik, oqibat, do‘stlik, manfaat, mansab, hukmdorlik hisi, shuningdek, oilaviy munosabatlar ko‘rsatilgan.
Serialda Yoqub Ahmedov, Bobur Yo‘ldoshev, Gavhar Zokirova, Adiz Rajabov, Ra’no Shodiyeva, Shodiya To‘xtayeva, Shahzoda Matchonova, Gulchehra Eshonqulova, Erkin Komilov, Tohir Saidov, Xayrulla Sa’diyev, Anvar Kartayev singari aktyorlar rol ijro etgan.
Kiyimlar bo‘yicha dizayner Sitora Atahonova har bir aktyorning tashqi ko‘rinishiga, pardozidan tortib, sochi va liboslarining detallarigacha javobgar bo‘ldi”.
Dilbar Ziyodova bosh muharrirlik qilayotgan bo‘lsa, Dilmurod Qambarov ikkinchi rejissyor, Umida Irmatova postanovkachi rassom vazifasini bajarmoqda. Kompozitor – Igor Pinxasov, kompyuter grafikasi bo‘yicha mutaxassis – Shuhrat Asayev.