Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi a’zolaridan biri Toshkent shahrida harakatlanuvchi avtobus haydovchilaridan biri unga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lganini ma’lum qildi.
Xabar muallifining so‘zlariga ko‘ra, u 2015-yil 2-mart kuni o‘ziga kerakli joygacha 11-yo‘nalishdagi avtobusda yetib olishga qaror qilgan. Nukus ko‘chasidagi bekatda davlat raqami 01 694 LAA bo‘lgan, “3-avtobus saroyi” aksiyadorlik jamiyatining 111-garaj raqamiga ega 11-yo‘nalishdagi avtobusga o‘tirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avtobus doim katta tezlikda harakatlanib, yo‘l qatorlarini almashtirib turgan. Haydovchi keskin to‘xtab va keskin tezlik olib turgan, bu esa yo‘lovchilarning tushib-chiqishiga qiyinchilik tug‘dirgan. Chipta sotish bilan shug‘ullangan 20 yoshlar atrofidagi yigitda na maxsus kiyim, na chiptachi guvohnomasi bo‘lmagan. Haydovchi yonida turgan qiz u bilan gaplashib, yo‘ldan chalg‘itib turgan.
Avtobus “Istiqlol” san’at saroyi yaqinidagi kerakli bekatga yaqinlashgach, yo‘lovchi avtobusning o‘rta eshigi oldiga borgan. Chiptachi sifatida ishlayotgan yigit baland ovozda butun salondan tushadiganlar bor-yo‘qligini so‘ragan. Bunga javoban bir qiz tushishini aytgan. Haydovchi tezlikni pasaytirmagach, jabrlanuvchi ham buni baland ovozda qaytargan. Avtobus to‘xtamagan, u bu gapni yana ikki marta qaytarsa ham, haydovchi parvo qilmagan.
Shundan keyin u haydovchining oldiga borib nima uchun to‘xtatmaganini so‘ragan. Bunga javoban haydovchi qo‘pol tarzda shoshilayotganini, rahbariyat oldida javob berishi kerakligini aytgan. Jabrlanuvchi arz qilishini aytganda haydovchi yanada qo‘pollashib, bo‘ralab so‘kina boshlagan. Shundan keyin u haydovchini suratga olishini aytgan, telefonini olib uni suratga tushirgan. Uning yoniga ikki yigit − psevdochiptachi va uning yordamchisi kelib, xalal berishga uringan.
Haydovchining qo‘polligi va so‘kinishi oshib boravergan. U yo‘lovchining oila a’zolarini ham so‘kishga kirishganda, o‘zini tutib turolmay haydovchining yuziga zarba berishga uringan, biroq ikkala yigit bunga imkon bermagan. Haydovchi o‘rindig‘idan turib, uni o‘ldirishini aytgan. Bu paytda avtobus “Bunyodkor” metro bekati oldida to‘xtagan, yo‘lovchi avtobusdan tushib uning raqamlarini suratga olgan. Haydovchi va sheriklari esa unga tahdid qilishda davom etgan.
Jabrlanuvchi aholiga xizmat ko‘rsatishning ushbu sohasi sifati bunchalik tushib ketganidan, haydovchilar qo‘pollik qilib, o‘zini shaxsiy avtobusini boshqarayotgandek tutishidan, chipta sotuvchilardan, kerakli bekatlarda to‘xtatmay, buni rahbariyatga to‘nkashlaridan, bu sohada ruhiy holati yaxshi bo‘lmagan odamlar ishlashidan, haydovchi shahar markazida u bilan urishib, o‘ldirishga tayyor bo‘lganidan noligan. “Toshshahartransxizmat”ga ham ishonch telefoni, ham sayti orqali shikoyat qilganini ma’lum qilgan yo‘lovchi bu masala yechilishiga amin emasligini, bunday holatlar Toshkent avtobuslarida ko‘p uchrashini aytgan va haydovchilarga ta’sir qilishning boshqa yo‘llarini so‘ragan.
Avtobus haydovchisini o‘ta keskin tanqid ostiga olgan guruh foydalanuvchilari transport prokuraturasiga, shuningdek Yagona davlat xizmatlari interaktiv portali orqali shikoyat qilish samaraliroq bo‘lishini maslahat bergan. Bundan tashqari, avtobusdagi boshqa yo‘lovchilarning telefon raqamlarini olish lozim bo‘lganini aytishgan. Foydalanuvchilarning ba’zilari rahbariyat haydovchiga faqat hayfsan berilishini aytgan, boshqalar esa qattiqroq jazo, jumladan ishdan bo‘shatish va jarima undirilishiga umid bildirgan. Shuningdek, nafaqat haydovchini balki avtokorxona rahbariyatini ham jazolash lozimligi aytilgan. Jabrlanuvchi Yagona davlat xizmatlari interaktiv portali orqali shikoyat qilganini va javobni ham ma’lum qilishini aytgan.
Ushbu holat yuzasidan “Tosshahartransxizmat” rasmiy ma’lumot bermagan.