Yaqinda Samarqand shahrida aholiga raqamli televideniye xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Sogd Telekom” xususiy korxonasida tekshiruv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Buni qarangki, korxona direktori ancha vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelgan-u, xizmat ko‘rsatish uchun ruxsatnoma olishni “unutgan” ekan. Tegishli ruxsatnomasiz faoliyat yuritayotgan xususiy korxonaning ishlari kundan-kunga rivojlana boshlagan. Aholi tomonidan raqamli televideniyega ulanuvchilar soni ham ortavergan.
Direktor esa faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida Samarqand shahridagi Ali Qushchi ko‘chasida, Kimyogarlar qo‘rg‘onining 29-dahasida, Harbiylar shaharchasida, Vatanparvar mahallasida, Farhod ko‘chasida ham filiallar tashkil qiladi. Shuninngdek, Samarqand shahridan tashqarida, ya’ni Nurobod shaharchasida, Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida, Toshkent shahrining Olmazor tumanida va Bekobod shahrida ham filiallar ochib, faoliyatini yanada kengaytiradi.
Aniqlanishicha, 2009−2013-yillar davomida korxonaga aholi tomonidan 935 million 270 ming so‘mlik naqd pul tushumi tushgan bo‘lib, bu pullar nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazilmagan va bankka topshirilmagan.
Bu ham yetmagandek, u soliq to‘lovlaridan qochish choralarini izlay boshlaydi. Shu maqsadda direktor 2009−2010-yillarda 21 million 675 ming so‘m yagona soliq to‘lovini daromadni qasddan kamaytirib ko‘rsatish hisobiga to‘lamaydi. Shuningdek, 2011−2013-yillar davomida belgilangan tartibda soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab, korxonaning haqiqiy ishchilari sonini hisobotlarda kamaytirib ko‘rsatib, 419 million 923 ming so‘mlik soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaydi.
Daromadlar ortavergach, direktor tushgan pullardan korxona uchun 36 million 760 ming so‘mlik texnik uskuna va jihozlar, jumladan, 5 million 954 ming so‘mlik “UAZ” rusumli, 6 million 500 ming so‘mlik “LEK-45277” rusumli, 8 million 850 ming so‘mlik “GAZ” rusumli avtomashinalarni sotib oladi.
Sud tomonidan korxona direktori qilmishiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, korxonaga qarashli mol-mulklar davlat egaligiga o‘tkazildi.