“Navoiy Ulgurji Biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatining rahbari sifatida faoliyatini boshlagan shaxs davlat manfaatlaridan o‘zinikini ustun qo‘ydi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Respublikamizdagi qonun va qonunosti hujjatlarini qo‘pol ravishda buzib, 2013-yilning noyabridan 2014-yil yanvar oyigacha mahsulotlar sotuvidan tushgan 4 milliard 14 million 900 ming so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmaganligi fosh bo‘ldi.
Bundan tashqari, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, MChJning qat’iy hisobida turgan, 2011-yilning yanvaridan 2013-yilning apreligacha bo‘lgan davrdagi moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni nobud qilganligi aniqlandi.
Sud tomonidan u O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi va unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.