Osiyo kuboklari tarixida ilk marta bir mamlakatdan ikki nafar bosh hakamlar musobaqaga jalb qilingandi. Osiyoning besh karra eng yaxshi hakami Ravshan Ermatov va Valentin Kovalenko ham Avstraliyada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgandi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Qit’a chempionatining ochilish o‘yinini Ravshan Ermatov boshqarib bordi. Hattoki u ikkinchi va uchinchi turlarda ham OFK hakamlar qo‘mitasi tomonidan o‘yinlarga tayinlandi. Ammo Valentin Kovalenko hali birorta ham o‘yinga tayinlanmadi. Uning yordamchilari — Jahongir Saidov va gonkonglik Chou Chun Kit (Ma’mur Saidqosimov jarohat bois musobaqaga bora olmagani haqida xabar berib o‘tgandik) avstraliyalik referi Kris Byoz bilan birga “C” guruh vakillari — Bahrayn va BAA o‘rtasidagi o‘yinda ishlashdi. “Stadion.uz” sayti Valentin Kovalenkoga bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritib o‘tdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kovalenko Avstraliyaga yetib borganidan keyin tobi qochib qolgan. Uning tuzalishi qiyin kechgan. Uning ahvoliga shifokorlar aniq diagnoz qo‘ya olishmagan va uni davolay olishmagan. Hamyurtimiz 10 kun davomida isitmalab yotganidan keyin ortga qaytishga majbur bo‘lgan. OFK hakamlar qo‘mitasi ham hamyurtimizning sog‘ligini o‘ylab, uni Toshkentga yuborishga qaror qildi. Hozirda u Toshkentda davolanish kursini o‘tamoqda va asta-sekin sog‘ligini tiklamoqda.